Korrupsiyaga qarshi kurashishda tizimli yondashuv kuchaytirilmoqda
Bugungi kunda korrupsiyaviy xavflarni barvaqt aniqlash va ularning oldini olish, korxonalarda korrupsiyaga qarshi komplayens mexanizmlarini takomillashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ayniqsa, strategik ahamiyatga ega kimyo sanoatida shaffoflik va ochiqlikni ta’minlash, mablag‘lardan oqilona foydalanish, manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymaslik muhim ahamiyat kasb etadi.
Ana shu vazifalardan kelib chiqib, “O‘zkimyosanoat” AJ Korrupsiyaga qarshi kurashish boshqarmasi tashabbusi bilan tarmoq korxonalarida korrupsiyaning oldini olish va komplayens tizimi samaradorligini oshirishga qaratilgan tadbir tashkil etildi.
Unda “Maksam-Chirchiq”, “Ammofos-Maksam” va “Navoiyazot” AJlar boshqaruvi raislari, ularning o‘rinbosarlari hamda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘linmalari xodimlari ishtirok etdi.

Tadbirda Prezidentimizning 2025-yil 30-dekabrda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi farmoni hamda 2026-yil 22-iyunda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligini oshirishga, korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun javobgarlik muqarrarligini ta’minlashga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonunining mazmun-mohiyati atroflicha muhokama qilindi.
Mazkur hujjatlarda belgilangan vazifalardan kelib chiqib, korrupsiyaga qarshi ichki tuzilmalar faoliyati samaradorligini oshirish, ularning mustaqilligi va vakolatlarini kuchaytirish, korrupsiyaviy xavflarni baholash hamda profilaktika choralarini samarali tashkil etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Muhokamalarning muhim yo‘nalishlaridan yana biri davlat xaridlari jarayonida qonunchilik talablariga rioya etilishi bo‘ldi. Xususan, mablag‘larni asosli va maqsadli sarflash, korrupsiyaviy xavflarni minimallashtirish, manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha ishtirokchilarga zarur tushuntirishlar berildi.

Shuningdek, korrupsiyaning oldini olishda profilaktika va ichki nazorat mexanizmlarini kuchaytirish, xodimlarning huquqiy xabardorligini oshirish hamda komplayens tizimi samaradorligini muntazam baholab borish muhimligi ta’kidlandi. Bunda aniqlangan korrupsiyaviy xavflarga o‘z vaqtida munosabat bildirish va ularni bartaraf etishga qaratilgan choralarni tizimli ravishda amalga oshirish zarurligi qayd etildi.
Tadbir yakunida tarmoq korxonalarida korrupsiyaga qarshi komplayens tizimini yanada rivojlantirish, qonunchilik talablariga rioya etilishini ta’minlash, korrupsiyaviy xavflarni kamaytirish va xodimlarning huquqiy madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan chora-tadbirlarni izchil davom ettirish bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilab olindi.
Nasiba Ziyodullayeva,
O‘zA