Sifatli urug‘ – mo‘l hosil garovi
Mayin esayotgan shabboda, qushlarning yoqimli tovushi bahordan darak bermoqda. Mirishkor dehqon mo‘l hosil yetishtirish niyatida dala yumushlarini boshlab yuborgan. Toshkent viloyati dehqonlari yangi mavsum uchun zarur qishloq xo‘jaligi texnikalarini qayta ko‘rikdan o‘tkazmoqda.
Dehqon qishloq xo‘jaligi ekinlaridan yuqori hosil va sifatli mahsulot yetishtirish, avvalo, sara urug‘likka bog‘liqligini yaxshi biladi. Buning uchun urug‘ yetishtirish, qayta ishlash hamda navdorlik va ekinboplik sifat ko‘rsatgichlarini nazorat qilish soha xodimlaridan jiddiy mas’uliyat ham talab qiladi.
2023 yil hosilidan viloyatda jamg‘arilgan urug‘lik paxta xomashyosini qayta ishlash natijasida 2 ming 943 tonna urug‘lik chigitni tozalash hamda 2 ming 60 tonnasini tuksizlantirib dorilash belgilab olingan. Shuningdek, Davlat reyestri ro‘yxatidan o‘tgan, ekish uchun tavsiya etilgan g‘o‘za navlaridan 194 tonna elita, 1 ming 296 tonna birinchi va 570 tonna ikkinchi avlodli urug‘lik tayyorlash rejalashtirilgan.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, shu kunlarda qabul qilingan urug‘lik paxta xomashyosi g‘aramlarda saqlanmoqda. Paxta xomashyosidagi chigitlar to‘liq fiziologik yetilganidan so‘ng, qayta ishlashga berish va ishlab chiqarishdan olingan urug‘lik chigitni dorilash, saqlash va fermer xo‘jaliklariga yetkazib berilishini tashkil etish bosqichma-bosqich amalga oshirildi.
Ayniqsa, Respublika bo‘ylab ba’zi paytlarda ob-havoning keskin sovib ketishi urug‘lik chigit tayyorlash sexlarining omborxonalarida isitish choralarini ko‘rishni talab etadi. Dorilash jarayonlarida esa namlikning belgilangan me’yorda bo‘lishi hamda urug‘lik chigitning unuvchanligini yo‘qotmaslik yuzasidan barcha zaruriy ishlar ko‘rilishi doim e’tiborda.
– Hozirgi kunda viloyatdagi paxta-to‘qimachilik klasterlari va urug‘lik tayyorlash sexlarida jami 2 ming 762 tonna urug‘lik paxta tozalanib saralandi, 1 ming 222 tonnasi tuksizlantirilib dorilash ishlari amalga oshirildi, – deydi “O‘zagroinspeksiya” Toshkent viloyat boshqarmasi shu’ba boshlig‘i Sh.Usubaliyev. – Mutaxassislarimiz tomonidan urug‘lik chigit tayyorlash jarayonlari kuzatilib, urug‘likka belgilangan talablar asosida ishlov berilishi nazoratga olingan.

O‘tgan yil viloyatda 4 ta paxta-to‘qimachilik klasterlari tashkil etildi va hozirgi paytda ularning soni 10 taga yetdi. Ularning faoliyati samarali tashkil etilgan. Tumanlardagi 70,1 ming gektar maydondan 273 ming tonna paxta xomashyosi yetishtirilib, o‘rtacha hosildorlik gektariga 38,9 sentnerni tashkil etdi. Viloyatda 2016 yil paxta tolasining 22 foizi qayta ishlangan bo‘lsa, bugungi kunda barcha hosil to‘liq va ip-kalavaning esa 40 foizi qayta ishlanmoqda.
Joriy yil kuz mavsumida yetishtirilgan paxtaning 60 foizini mexanizatsiya yordamida terib olish bo‘yicha aniq reja ishlab chiqilgan. Mavjud 205 ta terim mashinasi bilan 40 foiz paxtani terib olish imkoniyati mavjud. Klaster va fermerlar tomonidan yana qo‘shimcha 120 ta texnika xarid qilish evaziga ish unumdorligini yaxshilash ko‘zda tutilgan.
A.Musayev,O‘zA muxbiri