Oliy ta’lim: yoshlar tarbiyasida hamkorlik va mas’uliyat
Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida tashkil etilgan Ota-onalar kongresi yoshlar tarbiyasi, ularning ma’naviy kamoloti va kelajagiga daxldor muhim masalalar muhokama qilingan ahamiyatli tadbirlardan biri bo‘ldi.
Tadbir avvalida talabalarning ota-onalari filialda yaratilgan shart-sharoitlar, axborot-resurs markazi, o‘quv laboratoriyalari, vivariylar hamda talabalar uchun yaratilgan imkoniyatlarni ko‘zdan kechirib, ta’lim jarayoniga yangicha yondashuvlar joriy etilayotganiga guvoh bo‘lishdi.
Shundan so‘ng filial majlislar zalida kongressning asosiy qismi bo‘lib o‘tdi. Uni bugungi kunda yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning intellektual salohiyati va ma’naviy dunyoqarashini yuksaltirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar xususida fikr yuritildi.
Ta’kidlanganidek, globallashuv jarayonlari kuchayib borayotgan hozirgi davrda yoshlarni turli yot g‘oyalar ta’siridan himoya qilish, ularning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, kitobxonlik va ilmga qiziqishini oshirish muhim vazifalardan biri sanaladi. Bu yo‘lda ota-ona va ta’lim muassasasi o‘rtasidagi hamjihatlik hal qiluvchi ahamiyatga ega.
Kongress doirasida ota-onalar bilan ochiq muloqot tashkil etildi. Suhbatlar jarayonida talabalar ta’limi, tarbiyasi va ma’naviy muhitini yanada mustahkamlashga oid taklif va mulohazalar bildirildi. Shuningdek, ta’lim, ilm-fan va jamoat ishlarida faol ishtirok etayotgan iqtidorli talabalarning ota-onalari tashakkurnomalar bilan taqdirlandi.
– Qizim bitiruvchi kurs talabasi. Joriy o‘quv yilida To‘lepbergen Qayipbergenov nomidagi davlat stipendiyasi sohibi bo‘ldi. Bu ustozlarning mehnati va bergan bilimlari samarasi. Filialda yoshlar uchun yaratilgan sharoitlarni ko‘rib, ko‘nglimiz yanada to‘ldi, – deydi talaba onasi Gulzar Aliyeva.
Mazkur kongress ota-ona, ta’lim muassasasi va jamiyat o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qildi. Eng muhimi, bu kabi uchrashuvlar yoshlar tarbiyasiga daxldor mas’uliyatni yana bir bor chuqur his etishga undashi bilan ahamiyatlidir.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.