ACCA bilan hamkorlikda moliyaviy hisobot tizimi yanada takomillashtiriladi
Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Xalqaro sertifikatlangan diplomli buxgalterlar assotsiatsiyasi – ACCA (Buyuk Britaniya) o‘rtasida moliyaviy hisobot va buxgalteriya sohasi uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish bo‘yicha yangilangan hamkorlik memorandumi imzolandi.
Ushbu kelishuv mamlakatda moliyaviy hisobot tizimini xalqaro moliyaviy hisobot standartlari (MHXS) asosida yanada rivojlantirishni ko‘zda tutuvchi Prezidentimizning 2025-yil 15-sentabrdagi 282-sonli qarori ijrosi doirasida amalga oshirilmoqda.
ACCA moliya va buxgalteriya sohasida dunyo bo‘ylab e’tirof etilgan yirik xalqaro tashkilotlardan biri hisoblanib, 180 dan ortiq davlatda faoliyat yuritadi hamda yuz minglab mutaxassislar va talabalarni birlashtiradi.
Yangilangan hamkorlik doirasida tomonlar MHXS talablariga mos zamonaviy kadrlar tayyorlash, o‘qituvchilar va amaliyotchi mutaxassislarning kasbiy salohiyatini oshirish, oliy ta’lim dasturlarini ACCA standartlari bilan uyg‘unlashtirish hamda xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazish, audit sifatini nazorat qilish mexanizmlarini takomillashtirish, barqarorlik (sustainability) bo‘yicha hisobot berish amaliyotini joriy etish va bu yo‘nalishda kompetensiyalarni kuchaytirish, davlat xizmatchilari uchun maxsus o‘quv dasturlarini yo‘lga qo‘yadi.
Avvalgi hamkorlik natijalariga ko‘ra, 2020-2025-yillar davomida 4200 nafardan ortiq nomzodning o‘qish va imtihon xarajatlari davlat byudjeti hisobidan qoplab berilgan. Shuningdek, 20 dan ortiq o‘quv markazi xalqaro akkreditatsiyadan muvaffaqiyatli o‘tgan. Hozirgi kunda mamlakatda 2337 nafarga yaqin mutaxassis ACCA tizimi doirasida turli darajadagi sertifikatlarga ega. Ular orasida 123 nafar to‘liq a’zo, 618 nafar DipIFR sertifikati egasi, 1157 nafar “MHXS bo‘yicha moliyaviy hisobot (FR)” yo‘nalishini muvaffaqiyatli yakunlagan hamda 439 nafar “Audit va ishonch bildirish xizmatlari (AA)” fanlaridan sertifikat olgan nomzodlar mavjud.
Tomonlar ushbu hamkorlik mamlakatda moliyaviy hisobot va audit tizimini xalqaro standartlar darajasiga olib chiqish, yuqori malakali kadrlar tayyorlashni kengaytirish hamda iqtisodiyotning investitsiyaviy jozibadorligini oshirishga xizmat qilishini ta’kidladi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA