Sholichilikni rivojlantirishda ilmiy hamkorlikning o‘rni ortib bormoqda
Qishloq xo‘jaligida samaradorlikni oshirish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash hamda suv va yer resurslaridan oqilona foydalanish bugungi kunning ustuvor vazifalaridan biri hisoblanadi.
Ayniqsa, sholichilik sohasida ilmiy yondashuvlarni keng joriy etish, yangi navlarni yaratish va ilg‘or agrotexnologiyalarni qo‘llash orqali yuqori natijalarga erishish muhim. Bu borada xalqaro hamkorlik va tajriba almashinuvi alohida o‘rin tutadi.
Shu maqsadda Tojikiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi delegatsiyasi Sholichilik ilmiy-tadqiqot institutiga tashrif buyurdi. Myehmonlar institutning ilmiy-innovatsion faoliyati, zamonaviy laboratoriya imkoniyatlari hamda sholi yetishtirish, seleksiya va urug‘chilik yo‘nalishlarida olib borilayotgan ilmiy-tadqiqot ishlari bilan yaqindan tanishdi, deyiladi Qishloq xo‘jaligi vazirligi ma’lumotida.

Delegatsiya a’zolariga olimlar tomonidan yaratilayotgan yuqori hosilli, kasalliklarga chidamli sholi navlari, suv resurslaridan samarali foydalanish texnologiyalari hamda zamonaviy agrotexnik usullar haqida batafsil ma’lumot berildi. Mazkur ishlanmalar qishloq xo‘jaligi samaradorligini oshirish va hosildorlikni barqaror ta’minlashga xizmat qilayotgani alohida ta’kidlandi.
Uchrashuvda tomonlar o‘rtasida sholichilik yo‘nalishida ilmiy hamkorlikni kengaytirish, tajriba almashish, qo‘shma ilmiy loyihalarni amalga oshirish hamda mutaxassislar malakasini oshirish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, innovatsion ishlanmalarni amaliyotga joriy etish va ilg‘or tajribalarni o‘zaro o‘rganish yuzasidan fikr almashildi.
Muzokaralar yakunida ikki tomonlama manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirish, qo‘shma tadqiqotlar olib borish hamda ilmiy yutuqlarni ishlab chiqarishga keng tatbiq etish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. Mazkur tashrif ikki davlat o‘rtasida qishloq xo‘jaligi sohasidagi aloqalarni mustahkamlash va sholichilikni yangi bosqichga olib chiqishda muhim qadam bo‘ldi.
M.Hijiakbarova, O‘zA