“Talaba Fest” — iqtidorlar maydoni
Jizzax politexnika institutida tashkil etilgan “Talaba Fest” yoshlar festivali haqiqiy iste’dod, bilim va tashabbuslar bayramiga aylanib, viloyatdagi besh oliy ta’lim muassasasidan kelgan talabalar, professor-o‘qituvchilar va keng jamoatchilik vakillarini bir maydonda jamladi va yoshlar qalbidagi g‘ayrat, orzu va intilishlarni yanada yuksaltirdi.
Festival avvalo talabalarning ijodiy va intellektual salohiyatini namoyon etish, sog‘lom raqobat muhitini kuchaytirish, yoshlar o‘rtasida hamjihatlik va do‘stlik rishtalarini mustahkamlashga xizmat qilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi. Eng muhimi, u talaba-yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli va manfaatli tashkil etishning amaliy namunasi sifatida katta qiziqish uyg‘otdi.

Tadbir doirasida tashkil etilgan madaniy-ma’rifiy, sport va intellektual yo‘nalishdagi tanlov hamda chiqishlar festivalga o‘ziga xos ruh va joziba bag‘ishladi. “Eng yaxshi fotosuratlar” ko‘rgazmasida yoshlarning hayotga teran nigoh va estetik didi namoyon bo‘lgan bo‘lsa, milliy va zamonaviy uslublar uyg‘unlashgan “Eng yaxshi liboslar” namoyishi talabalarning badiiy qarashlarini aks ettirdi.
“Eng mazali taomlar” tanlovi milliy qadriyatlar va pazandalik an’analarini targ‘ib etgan bo‘lsa, mushoira va she’riyat kechalari yosh qalblardagi nafosat va ma’naviy tuyg‘ularni yuzaga chiqardi. Karaoke bellashuvlari, sport musobaqalari esa festival ishtirokchilariga ko‘tarinki kayfiyat va unutilmas taassurot ulashdi.

Ayniqsa, robototexnika ko‘rgazmasi, talabalar teatr studiyalarining sahna chiqishlari, “Quvnoqlar va zukkolar” jamoalari dasturlari, “Munozara” turniri hamda “Zakovat” intellektual o‘yini yoshlarning bilimga chanqoqligi, tezkor fikrlashi va zamonaviy tafakkurini yaqqol namoyon etdi. Harbiy-ko‘rgazmali chiqishlar esa yoshlarda vatanparvarlik va fidoyilik tuyg‘ularini mustahkamladi.

Bugungi kunda bunday festivallar nafaqat iqtidorli yoshlarni kashf etish, balki ularning tashabbus va g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Zero, ilmga intilgan, ijodga tashna va tashabbuskor yoshlar — mamlakatning ertangi tayanchi, Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining hal qiluvchi kuchidir.
A. Qayumov, J. Yorbekov (surat), O‘zA