Sherzod Xo‘jayev: Har bir mahalla uchun energetika pasporti shakllantiriladi
Energetika sohasida tizimli islohotlarning navbatdagi bosqichi boshlanmoqda. Yangi o‘zgarishlar elektr va gaz ta’minoti infratuzilmasini modernizatsiya qilish, raqamli texnologiyalarni keng joriy etish, iste’molchilarga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish hamda energiya resurslaridan samarali foydalanishni ta’minlashga qaratilgan.
Sohada rejalashtirilgan yangiliklar haqida energetika vaziri Sherzod Xo‘jayev ma’lum qildi:
– Biz yig‘ilishda energetika yo‘nalishidagi ustuvor vazifalar yuzasidan taqdimot qildik. Hurmatli Prezidentimiz tomonidan bizga bir qator topshiriqlar berildi. Eng muhim yangiliklardan biri sifatida har bir mahallaning barcha zarur ma’lumotlarni o‘zida mujassam etgan energetika pasporti shakllantiriladi. Unda mahalladagi iste’molchilar soni va ularning toifalari, elektr energiyasi va tabiiy gaz infratuzilmasining mavjud holati, uni ta’mirlash va modernizatsiya qilish uchun zarur mablag‘ hamda vaqt, yangi iste’molchilarni tarmoqqa ulash imkoniyatlari kabi muhim ma’lumotlar aks ettiriladi. Agar mavjud quvvat yangi iste’molchilar ehtiyojini qoplash uchun yetarli bo‘lmasa, infratuzilmani qaysi yo‘nalishlarda rivojlantirish va quvvatini oshirish lozimligi ham aniq belgilab beriladi.
Shu bilan birga, elektr va gaz ta’minoti korxonalari hamda iste’molchilar o‘rtasidagi muloqotni yangi bosqichga olib chiqish ko‘zda tutilmoqda. Buning uchun zamonaviy onlayn platformalar ishga tushirilib, aholi va tadbirkorlarga zarur ma’lumotlarni mobil ilovalar asosida olish imkoniyati yaratiladi. Jumladan, elektr va gaz ta’minotidagi uzilishlar haqidagi tezkor axborotlarni ham mobil ilovalar orqali yetkazib berish rejalashtirilgan. Shuningdek, Call-markazlar faoliyati takomillashtirilishi ko‘zda tutilgan.
Elektr energiyasi va tabiiy gazni yetkazib berishdagi yo‘qotishlar hamda debitor qarzdorlikni keskin qisqartirish ustuvor vazifalardan biri etib belgilangan. Buning uchun sohadagi ishlar doimiy monitoring qilinadi, raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt imkoniyatlaridan keng foydalaniladi. Xususan, xodimlarga kunlik vazifalarni belgilash, ularning ijrosini nazorat qilish, hisobotlarni shakllantirish, mavjud xavflarni tahlil qilish, uzilishlar ko‘p kuzatilayotgan hududlarni aniqlash hamda ehtimoliy nosozliklarni oldindan prognoz qilish imkonini beruvchi tizimlar joriy etiladi. Bu esa avariyalarning oldini olish, zarur hollarda tarmoq quvvatini oshirish yoki infratuzilmani modernizatsiya qilish bo‘yicha qarorlarni o‘z vaqtida qabul qilish, xodimlar mehnat samaradorligini oshirish va avariyalar sonini kamaytirishda muhim hisoblanadi.
Xulosa qilib aytganda, energiya resurslari bozorida raqobat muhitini kengaytirish, suyultirilgan gazning erkin bozorini shakllantirish, import jarayonlarini soddalashtirish hamda xavfsizlik talablarini yanada takomillashtirish natijasida sohada samaradorlikni oshirish va energiya resurslari tannarxini pasaytirishga qaratilgan izchil islohotlar amalga oshiriladi.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA