Senatning o‘n sakkizinchi yalpi majlisi o‘z ishini boshladi
Bugun, 2026-yil 7-avgust kuni Oliy Majlis Senatining o‘n sakkizinchi yalpi majlisi o‘z ishini boshladi. Unda Senat va Hukumat a’zolari, vazirlik va idoralar rahbarlari, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etmoqda.
Yalpi majlisda “Bozor nazorati to‘g‘risida”, “Mahsulotlarning umumiy xavfsizligi to‘g‘risida”, “Harbiy xizmatchilar (xodimlar)ning va ular oila a’zolarining davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”, “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi qonunga pensiya tayinlash tartibini yanada takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritish haqida”gi qonunlar muhokama qilinadi.
“Reklama to‘g‘risida”gi qonunga qo‘shimchalar va o‘zgartirish kiritish haqida”, “Raqamli texnologiyalar xalqaro markazi to‘g‘risida”gi qonunlar ko‘rib chiqiladi.
“O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan kommunal xo‘jaligi xodimi” faxriy unvonini ta’sis etish to‘g‘risidagi qonun ma’qullanishi, bir qator xalqaro hujjatlar ratifikatsiya qilinishi kutilmoqda.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risidagi milliy ma’ruza eshitiladi.
Samarqand viloyatining Samarqand tumanini tugatish, Oqdaryo, Pastdarg‘om, Toyloq tumanlari va Samarqand shahri chegaralarini o‘zgartirish to‘g‘risidagi masala ham yalpi majlis kun tartibi doirasida muhokama etiladi.
Yalpi majlisda ko‘rib chiqiladigan barcha masalalar haqida batafsil yoritib boramiz. Bizni kuzatib boring!
N.Abduraimova,
N.Haydarov (surat)O‘zA