Shaxmatchimiz kuchlilar safidan joy oldi
Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahrida shaxmat bo‘yicha o‘tkazilgan "Asian Amateur Chess Championship Women-2023" xalqaro turnirida hamyurtimiz Mumtozbegim Mansurova munosib natijaga erishdi.
Shiddatli o‘tgan bahslar natijasiga ko‘ra, Mumtozbegim Mansurova 1700 reytinggacha bo‘lgan shaxmatchilar orasida 2-o‘rinni egallagan bo‘lsa, umumiy ko‘rinishda 42 nafar ishtirokchi orasida 5-o‘rinni egalladi.

Ayollar o‘rtasidagi musobaqalarda qatnashgan yana bir shaxmatchi qizimiz Yulduz Ro‘zimbetova ushbu musobaqada ilk bor ishtirok etib, xalqaro musobaqalardagi tajribasini oshirib oldi.
Mazkur xalqaro turnirning erkaklar o‘rtasidagi bellashuvlarida ikki nafar shaxmatchimiz o‘z omadini sinab ko‘rdi. 120 nafar ishtirokchi orasida hamyurtimiz Botir Mansurov uchrashuvlar sarhisobiga binoan 47-qatordan joy olgan bo‘lsa, yana bir yurtdoshimiz Aziz Zikrillayev 104-o‘rinda qayd etildi.

9 turdan iborat turnirda B.Mansurov 5 ochko jamg‘arishga muvaffaq bo‘lgan bo‘lsa, Zikrillayev 3.5 ochkoga ega bo‘ldi. Erkaklar o‘rtasidagi musobaqalarda g‘oliblikka erishgan hindistonlik shaxmatchilar 8.5 va 7.5 ochkoni qo‘lga kiritdi.
"Asian Amateur Chess Championship Women-2023" xalqaro turnirining yana bir ahamiyatli jihati, musobaqalarni boshqarib borishda hamyurtimiz, xalqaro toifadagi mutaxassis Jahongir Kamolov ayollar o‘rtasida kechgan turnir bosh hakam o‘rinbosari sifatida faoliyat olib bordi.
To‘lqin Ro‘ziyev,
O‘zA