Shaxmat: Pranav va Dudani mag‘lub etgan Abdusattorov keyingi bosqichga yo‘l oldi
Mahoratli shaxmatchimiz Nodirbek Abdusattorov Fransiya poytaxti Parij shahrida kibersport turlari bo‘yicha jamoalar o‘rtasida o‘tkazilayotgan “Esports World Cup-2026” musobaqasining shaxmat yo‘nalishidagi asosiy musobaqalarda muvaffaqiyatga erishdi.
Dunyoning 16 nafar eng kuchli shaxmatchisi ishtirokida o‘tayotgan musobaqada Abdusattorov ortda qolgan o‘yinlarda g‘oliblikka asosiy da’vogar ekanligini namoyish etmoqda.
Aytish lozim, tashlangan qur’a natijasida Nodirbek Abdusattorov, fransiyalik Alireza Firuzja, hindistonlik Arjun Erigaisi, Pranav, Nihal Sarin, xitoylik Vey I, polshalik Jan-Krishtof Duda, niderlandiyalik Benyamin Bok “A” guruhida bahs olib bordi.

Kecha Nodirbek Abdusattorov guruh bosqichida avvaliga hindistonlik Pranavni, yarim final ostonasida polshalik Jan-Krishtof Dudani 2:0 hisobida mag‘lub etdi.
Ikkinchi qanotda dona surgan fransiyalik Alireza Firuzja ilk bahsda xitoylik Vey Ini 1:0, hindistonlik Arjun Erigaisini 2:1 ko‘rinishida taslim etdi.
Musobaqaning “B” guruhidagi o‘yinlari sarhisobiga ko‘ra, FIDE reytingi yetakchisi, sobiq jahon chempioni norvegiyalik Magnus Karlsen va AQSHlik Hikaru Nakamura eronlik Sina Movahed, amerikalik Hans Moke Niyemann, Hikaru Nakamura, rossiyalik Andrey Yesipenko, Yan Nepomnyashiy, serbiyalik Alekey Sarana, belaruslik Denis Lazavikni ortda qoldirib, yarim finalda to‘qnash keladigan bo‘ldi.

“Esports World Cup-2026” dasturiga binoan “A” guruhida Nodirbek Abdusattorov va Alireza Firuzja, “B” guruhida Magnus Karlsen va Hikaru Nakamura ertaga, 14-avgust kuni bo‘ladigan pley-off yo‘llanmasiga ega chiqdi.
Bugun, 13-avgust kuni “A” va “B” guruhlarida yarim finalga chiqa olmagan shaxmatchilar o‘rtasida musobaqalar o‘tkazilib, unda yana 4 nafar pley-off yo‘llanmasi sohiblari aniqlanadi.

“Esports World Cup-2026”ning shaxmat musobaqalarida 3-o‘rin bahslari hamda final o‘yinlari 15-avgust kuni bo‘lib o‘tadi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA