Shaxmat: bugun Sindorov Karuana bilan kuch sinashadi
Bugun, 20-may kuni Ruminiya poytaxti Buxarest shahrida o‘tayotgan “Superbet Chess Classic Romania 2026" xalqaro turnirining 6-turida hamyurtimiz Javohir Sindorov qora donalarda AQSHlik Fabiano Karuana qarshiligini yengishga harakat qiladi.
Nufuzli musobaqaning 5-turida Sindorov qora donalarda fransiyalik Alireza Firuzja bilan murosa yo‘lini tanlagandi.
Mukofot jamg‘armasi 475 ming AQSH dollaridan iborat xalqaro turnirning ortda qolgan o‘yinlari sarhisobiga ko‘ra, Javohir 1 ta mag‘lubiyat, 4 ta durang qayd etgan holda 10 nafar ishtirokchi orasida 2 ochkoga ega bo‘lib turibdi.
Xalqaro turnirning so‘nggi 9-tur o‘yinlari 23-may kuni bo‘lib o‘tadi.
“Qarshi Open – 2026” turniri boshlandi
Kecha Qarshi shahrida Ismat Shukurov xotirasiga bag‘ishlangan “Qarshi Open – 2026” V xalqaro turnirining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Musobaqalar FIDE qoidalari asosida ikki guruhda o‘tkazilmoqda. “A” guruhida reytingi 1800 va undan yuqori shaxmatchilar, “B” guruhida reytingi 1999 va undan past ishtirokchilar dona surmoqda.
Mamlakatimizning hamda chet davlatlarning bir qator mahoratli shaxmatchilari ishtirok etayotgan turnir 24-mayga qadar davom etadi.
“Titled Tuesday” turnirida hamyurtlarimiz qanday natija qayd etdi?
Har haftaning seshanba oqshomida dunyoning eng kuchli grossmeysterlari ishtirokida onlayn tarzda o‘tkaziladigan “Titled Tuesday” onlayn blits turnirida mahoratli shaxmatchilarimiz Nodirbek Abdusattorov, Shamsiddin Vohidov, Nodirbek Yoqubboyev va Afro‘za Hamdamova o‘z imkoniyatini sinovdan o‘tkazdi.
Dunyoning eng kuchli 100 nafarga yaqin grossmeysterlari qatnashgan turnirda asli rossiyalik, hozirda Serbiya sharafini himoya qilayotgan Aleksey Sarana 9,5 ochko bilan g‘oliblikka erishgan bo‘lsa, shaxmatchilarimizdan Shamsiddin Vohidov 8.5 ochko bilan 10, Nodirbek Yoqubbayev 8 ochko bilan 19, Nodirbek Abdusattorov 7.5 ochko bilan 30-pog‘onani band etdi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA