Shaxmat: Aronyan bilan durangga erishgan Sindorov bugun Praggnanandxa bilan “jang” qiladi
Bugun, 11-avgust kuni AQSHning Sent-Luis shahrida shaxmat bo‘yicha “Grand Chess Tour” seriyasining hal qiluvchi bosqichi hisoblangan “Sinquefield Cup 2026” turnirining 2-turida hamyurtimiz Javohir Sindorov qora donalarda hindistonlik Praggnanandxa Rameshbabu bilan kuch sinashadi.
Umumiy mukofot jamg‘armasi 350 ming AQSH dollaridan iborat nufuzli turnirning ortda qolgan ilk turida Javohir Sindorov Amerika sharafini himoya qilayotgan Levon Aronyanga qarshi dona surdi.

Qora donalarda harakatlangan Aronyan 30-yurishda xatolikka yo‘l qo‘yishi Javohirni ustunlik pozitsiyasiga olib chiqqandek edi. Biroq, 35-yurish vaziyatida hamyurtimiz ham ishonchsiz dona surishi Levonni muqarrar mag‘lubiyatdan saqlab qoldi, deyish mumkin.
Shunday bo‘lsa-da, Sindorov ikkita piyoda ustunligiga ega bo‘lgan holatda 53-yurishdan boshlangan tenglik o‘yinni durang bilan yakunladi.

Ushbu turda AQSH vakili Fabiano Karuana niderlandiyalik Jorden van Forestni mag‘lub etgan bo‘lsa, qolgan 3 ta turda ham Sindorov-Aronyan natijasi qayd etildi.
Eslatib o‘tamiz, 10 nafar mahoratli shaxmatchilar ishtirokida o‘tayotgan mazkur musobaqada g‘oliblikka erishgan shaxmatchi 100 ming AQSH dollari bilan taqdirlanadi. Keyingi o‘rinlardan joy olgan shaxmatchilar ham turnir nizomiga binoan tegishli pul mukofotlarini qo‘lga kiritadi.
9 ta turdan iborat turnir 20-avgustda yakunlanadi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA