Samodagi yulduzlarimiz yog‘dusi so‘nmaydi
"PAXTAKOR-79". Agar ular yana uch yil yashaganida mamlakat terma jamoasi 1982-yili Ispaniyada o‘tgan jahon chempionatida qatnashib, chempionatning kashfiyotiga aylanishardi.
Fyodorov 4-5 raqibni pisand qilmay oldga tashlanardi va hujumni gol bilan yakunlardi. An maydon markazida bir necha raqibni chalg‘itib, hujumdagi jamoadoshiga to‘pni uzatib golli vaziyat yaratardi. Ashirov esa himoyada metin qalqonday turardi...
Afsuski, 1979-yil 11-avgust kuni o‘chmas insoniyat yodidan!.. O‘sha kuni fojia yuz berdi. Toshkent – Gurev – Donetsk – Minsk yo‘nalishida uchayotgan samolyot Chelyabinsk – Voronej – Kishinev yo‘nalishida uchayotgan samolyot bilan mahalliy vaqt hisobi bo‘yicha soat 13 dan 35 daqiqa 38 soniya o‘tganda Dnepropetrovsk viloyatining Kurilovka qishlog‘i osmonida, taxminan 8400 metr balandlikda to‘qnashib ketdi. Aviahalokat natijasida ikkala samolyotdagi 13 nafar ekipaj a’zosi va 161 nafar yo‘lovchi, jami 178 kishi halok bo‘ldi. Bevaqt halok bo‘lganlar orasida “Dinamo” (Minsk) jamoasi bilan chempionatning navbatdagi uchrashuvini o‘tkazish uchun ketayotgan “Paxtakor” futbol jamoamizning 17 nafar a’zosi ham bor edi!..
Yoz kunida ro‘y bergan kuchli portlashdan Dnepropetrovsk viloyati osmoni, zamini larzaga keldi. Keyin Kurilovka qishlog‘i dala-o‘rmoniga samolyot parchalari, yo‘lovchilarning kuymay qolgan, kuchli shamolda uchib ketgan ayrim buyumlari... yog‘a boshladi. Bu joyga yetib kelgan qishloq ahli “Paxtakor” jamoasi jurnali va sport kiyimlarini ham uchratishdi.
Aynan o‘sha joyda, oradan 30 yil o‘tib, 4-avgust kuni “Paxtakor” jamoasi marhum futbolchilari xotirasiga o‘rnatilgan yodgorlikning ochilish marosimi bo‘ldi. Unda marhum paxtakorchilarning yaqin kishilari, Kurilovka qishlog‘i ahli, “Paxtakor–79” jamoasini hali-hanuz xotirasida e’zozlab kelayotgan Ukraina, Belarus, Qozog‘iston va boshqa davlatlarda istiqomat qilayotgan muxlislari, futbol jonkuyarlari ishtirok etishdi.
Ha, xotira unutilmaydi. Hali-hanuz “Paxtakor–79” jamoasining yashil maydondagi chiroyli o‘yinlari ko‘z o‘ngimizda gavdalanadi, tushlarimizga kiradi. Chunki bizning futboldagi orzularimiz, umidlarimiz shu jamoaga bog‘langan edi. Ularni eslaganda hamon ko‘ksimizda nimadir portlaydi. Xotiramizda marhum paxtakorchilarni nomma-nom eslaymiz: O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan murabbiy Idgay Tazetdinov, xalqaro miqyosdagi sport ustalari – Mixail An, Vladimir Fyodorov, sport ustalari – Olim Ashirov, Ravil Agishev, Konstantin Bakanov, Yuriy Zagumennix, Aleksandr Korchyonnov, Nikolay Kulikov, Vladimir Makarov, Sergey Pokatilov, Viktor Churkin, sport ustalariga nomzodlar – Sirojiddin Bozorov, Vladimir Sobirov, Shuhrat Eshbo‘tayev, jamoa shifokori Vladimir Chumakov, jamoa ma’muri Mansur Tolibjonov.
Ayniqsa, har yili avgust oyida osmonga tikilamiz. Orzularimiz, armonlarimiz osmonda. Chindan ham o‘sha davrda “Paxtakor” jamoasi futbol muxlislarining umidiga, quvonchiga aylangandi. Hatto O‘zbekistondan boshqa joyda yashovchi mutaxassislar ham “Paxtakor” haqida qanotli fikrlar bildirardi: “Bu jamoaning kelajagi porloq, yaqin yillarda mamlakat chempionatida yuqori o‘rinlarni egallaydi, UEFA kubogi o‘yinlarida qatnashib, Yevropani ham lol qoldiradi”.
Bu fikrlarda asos bor edi. Mixail An – yoshlar o‘rtasida Yevropa chempionatining oltin medali bilan taqdirlangandi, jamoaning haqiqiy sardori edi. O‘yin boshqaruvini zimmasiga olardi, kerak paytda to‘pni o‘zida ushlab turib, raqiblarning uch-to‘rt o‘yinchisini aldab o‘tardi, boshqa vaziyatda 40–50 metr uzoqda turgan jamoadoshiga to‘pni aniq uzatardi, jarima va burchak to‘plarini qoyilmaqom bajarardi.
Vladimir Fyodorov – 1976-yili Monreal olimpiadasining bronza medali bilan sharaflangandi, dunyodagi tezkor hujumchilardan biri edi. Raqiblarning bir necha o‘yinchisini chaqqon harakatlari bilan aldab o‘tib, kuchli zarba bilan to‘pni darvozaga joylardi, boshi bilan ham aniq zarba yo‘naltirardi. Hatto ayrim uchrashuvlarda o‘z jarima maydoni yonida to‘pni qabul qilib, katta tezlikda deyarli barcha raqib o‘yinchilarini aldab o‘tib gol urgandi.
Olim Ashirov – himoyada mustahkam turardi, vaziyatni to‘g‘ri baholardi, raqib hujumchisining erkin harakatlanishiga imkon qoldirmasdi. Sergey Pokatilov – har jihatdan to‘kis darvozabon, penaltilarni qaytarish qiroli edi, bir o‘yinda ketma-ket berilgan uchta penalti zarbasini bartaraf etgandi. Shuhrat Eshbo‘tayev – hujum chizig‘ida endigina porlayotgandi, tayyorgarlik ko‘rmay kuchli zarba bera olardi, dastlabki gollarini kiritgandi. Xullas, “Paxtakor”ning boshqa futbolchilari ham ayni kuchga to‘lgan vaqti edi.
Afsus... 1979-yil 11-avgustda ro‘y bergan aviahalokat “Paxtakor” jamoasining yorqin yulduzlarini osmonda olib qoldi. Agar bu futbolchilarimiz hayot bo‘lishganda, muxlislarimizning o‘zbekistonlik futbolchilarning jahon chempionatida ishtirok etishi orzusi 1982-yildayoq ro‘yobga chiqardi. Chunki Ispaniyada bo‘ladigan jahon chempionati oldidan mamlakat terma jamoasining asosiy yarim himoyachisi Leonid Buryak jarohat olgandi. O‘sha vaqtda bu yarim himoyachi o‘rnini faqatgina Mixail An bosa olardi.
O‘sha jahon chempionatida shaxsiy mahorati bilan o‘yin taqdirini bir o‘zi hal qila oladigan hujumchiga ehtiyoj sezilgandi, demakki shu xislatlarga ega Fyodorov ham terma jamoa safiga kiritilardi. Jahon chempionatida himoyadagi parokandalik mag‘lubiyatga sabab bo‘lgandi, o‘sha davrda himoyani mustahkamlaydigan himoyachi Olim Ashirov edi... Lekin bu yulduzlar uch yil oldin mangulik osmonidan joy olishgandi.
Agar ular hayot bo‘lishganda biri-biridan mahoratli murabbiy yoki mutaxassis bo‘lishib, futbolimizni rivojlantirishga xizmat qilishardi. Ular o‘zlaridan ham iste’dodli va mahoratli futbolchilarimizning yangi avlodini tarbiyalashardi. Afsus, ular mangulik osmonida, bizga orzu-armonlar qoldi. Shukurki, 1994-yili yurtimiz termasi Osiyo o‘yinlarida chempion bo‘ldi. Shukurki, futbolchilarimiz Fyodorov kabi Olimpiya o‘yinlari havosidan nafas olishdi. Shukurki, futbolchilarimizning yangi avlodi jahon chempionati sari yo‘l ochishdi!..
Baribir, “Paxtakor–79” xotirasi qalbimizda. Marhum paxtakorchilar xotirasini abadiylashtirish uchun Toshkentda, futbolchilar tug‘ilgan tumanlarda yodgorliklar o‘rnatildi, ko‘chalarga nomlari berildi. Har yili bolalar, yoshlar, havaskor va professional futbolchilar o‘rtasida “Paxtakor–79” xotira musobaqalari o‘tkazilayapti. Ular haqida maqolalar, kitoblar chop etilayapti, ko‘rsatuvlar, filmlar tayyorlanayapti, baribir ko‘nglimiz to‘lmaydi. Axir, ular navqiron yoshda hayotdan ko‘z yumishdi...
Yillar o‘taveradi. “Paxtakor–79” futbol jamoasi muxlislari qalbida yashayveradi. Yashil maydon uzra olqishlar yangrar ekan, “Paxtakor–79” ham tilga olinaveradi. Chunki o‘sha yoz kunida samolyotlar to‘qnashishidan paydo bo‘lgan chaqmoq bizning qalblarga, futbol muxlislari ko‘ngillariga ko‘chdi.
Dunyoviy halokat yuz berdi yozda,
Xayolan bor edim o‘sha parvozda.
Sizga sog‘inch so‘zim yetar bayozda,
O‘n birinchi avgust o‘chmas yodimdan.
Samoga tikilsin millionlab nigoh,
Afsuski, bo‘lishmas asrordin ogoh.
Zamin bo‘shab qoldi misli o‘yingoh,
O‘n birinchi avgust o‘chmas yodimdan.
Qismat deganlari buncha beshafqat,
Futbolni ko‘rishga endi yo‘q toqat.
Shirin xotiralar uyg‘oqdir faqat,
O‘n birinchi avgust o‘chmas yodimdan.
Hayhot, birdaniga borim yo‘qotdim,
Akamni, ukamni... yorim yo‘qotdim,
Iqbolim kuylovchi torim yo‘qotdim,
O‘n birinchi avgust o‘chmas yodimdan.
Hanuz xayolimda halokatli yoz,
Hanuz qulog‘imda portlagan ovoz.
Nahotki men uchun tugadi parvoz,
O‘n birinchi avgust o‘chmas yodimdan.
Fasllar ketidan kelar fasllar,
Bir-bir o‘taverar yillar, asrlar.
Sog‘inch so‘zim yodlar zukko nasllar,
O‘n birinchi avgust o‘chmas yodimdan.
Asror MO‘MIN,
shoir, tarjimon va O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist