«Paxtakor-79» fojiasiga 47 yil to‘ldi
1979-yil 11-avgust sanasi o‘zbek futboli tarixida hech qachon unutilmaydigan og‘riqli kun sifatida muhrlanib qolgan.
Bundan 47 yil avval shu kuni o‘zbek futbolining iftixori bo‘lgan «Paxtakor» jamoasi a’zolarining hayoti fojiali aviahalokat tufayli uzildi.
1979-yil 11-avgust. Toshkent vaqti bilan soat 13:35:38. Toshkent–Gurev–Donetsk–Minsk yo‘nalishida parvoz qilayotgan TU-134 rusumli samolyot Chelyabinsk–Kishinyov reysini amalga oshirayotgan yana bir TU-134 samolyoti bilan havoda to‘qnashdi.
Fojia yerdan 8400 metr balandlikda sodir bo‘ldi. Ikki samolyotning to‘qnashuvi oqibatida 178 nafar inson halok bo‘ldi. Ular orasida o‘sha davrda o‘zbek futbolining faxri sanalgan «Paxtakor» jamoasining 17 nafar a’zosi ham bor edi.
Halokat haqida birinchi bo‘lib havoda bo‘lgan AN-2 samolyoti ekipaji xabar bergan. Ekipaj a’zolari Kurilovka hududida samolyot parchalari qulayotganini ma’lum qilgan.
O‘sha paytda «Paxtakor» mamlakat futbolining eng kuchli jamoalaridan biri edi. Jamoa mavsumni yuqori saviyada o‘tkazib, turnir jadvalida munosib o‘rin uchun kurashayotgandi. Mutaxassislar esa Toshkent klubining yaqin yillarda Yevropa kuboklarida ishtirok etishi mumkinligini taxmin qilayotgan edi.
Biroq 11-avgust kuni barchasi bir lahzada o‘zgardi.
To‘qnashuvda halok bo‘lgan «Paxtakor» a’zolari:
Idgay Tazetdinov — murabbiy
Vladimir Chumakov — murabbiy
Mansur Tolibjonov — shifokor
Mixail An — ma’mur
Vladimir Fyodorov — yarim himoyachi
Olim Ashirov — hujumchi
Ravil Agishev — himoyachi
Konstantin Bakanov — yarim himoyachi
Yuriy Zagumennix — himoyachi
Aleksandr Korchyonov — yarim himoyachi
Nikolay Kulikov — himoyachi
Vladimir Makarov — yarim himoyachi
Sergey Pokatilov — darvozabon
Viktor Churkin — hujumchi
Sirojiddin Bozorov — hujumchi
Shuhrat Eshbo‘tayev — hujumchi
Vladimir Sobirov — hujumchi.
«Paxtakor-79» fojiasi oradan 47 yil o‘tgan bo‘lsa-da, o‘zbek futbol muxlislari xotirasidan o‘chgani yo‘q. Samoda hayotdan ko‘z yumgan 17 nafar futbolchi va jamoa a’zolari nomi o‘zbek sporti tarixida abadiy qolgan.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA