Shavkat Umrzoqov: barcha tadbirkorlarga teng va qulay imkoniyatlar yaratish asosiy maqsadimiz
Bugun mamlakatimiz iqtisodiyotida davlat ishtirokini qisqartirish, aholi va tadbirkorlar uchun munosib sharoitlar yaratish borasida samarali ishlar amalga oshirilmoqda. Poytaxtimiz misolida oladigan bo‘lsak, har ming nafar aholiga 29 ta faol tadbirkorlik sub’ekti to‘g‘ri keladi va bu son yil sayin o‘smoqda.
– Davlat iqtisodiyotda boshqa korxonalar kabi ishtirokchi emas, balki xolis hakam, aholiga va xususiy sektorga qulay sharoit yaratadigan tomon bo‘lishi kerak, – deya fikr bildiradi Toshkent shahar hokimi Shavkat Umrzoqov. – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan joriy yil 28-avgustda qabul qilingan "Iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirish va xususiylashtirish jarayonlarini jadallashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” farmon ayni yo‘nalishda muhim asos bo‘ldi. Davlatning kuchi bozor yoki turargohni o‘zi boshqarishida emas, adolatli qoidalar o‘rnatib, xususiy tashabbusga yo‘l ochishida, Toshkent esa bu yo‘lda allaqachon ancha ilgarilagan. Kichik biznesning shahar yalpi hududiy mahsulotidagi ulushi 49,9 foizga yetdi, joriy yilda 53,8 foizga yetkazishni rejalashtirganmiz.
Endilikda bozorlar qat’iy shartlar bilan xususiy boshqaruvga o‘tkaziladi. Avtoturargohlar auksionlar orqali xususiy sektorga ochilmoqda, bekatlar infratuzilmasi investorlar hisobiga yangilanmoqda, bog‘larda davlat-xususiy sheriklik loyihalari boshlandi.
Darvoqe, misol uchun, Nyu-Yorkning mashhur Markaziy bog‘i 40 yildan beri aynan shu modelda — xususiy fond boshqaruvida dunyoning eng yaxshi bog‘laridan biri bo‘lib kelmoqda. Bugun shahrimizda bunday loyihalar 200 dan ortiq. Lekin ochiq aytaman, bu kam. Davlat hali ham biznes samaraliroq ishlashi mumkin bo‘lgan minglab loyihalarni boshqarib kelmoqda.
Ayni paytda boshqaruvni xususiy sektorga berish jarayoni nazoratsiz kechmaydi. Har bir loyihada uchta kafolat saqlanadi: aholi uchun narxlar asossiz oshmaydi, infratuzilma ijtimoiy vazifasini yo‘qotmaydi va jamoat manfaati xususiy manfaatdan ustun turadi.
Natijani esa raqam ko‘rsatadi. Bugun Toshkentda yashirin iqtisodiyot ulushi sezilarli darajada pasayishda davom etmoqda. Davlat ishtiroki qisqarib, halol raqobat muhiti kengaygani sari bu ko‘rsatkich yanada tushadi. Bu esa byudjetga ham, tadbirkorga ham, oddiy aholiga ham birdek foyda.
– Bugun Toshkent shahriga qaysi yo‘nalishda investitsiya kiritish imkoniyati oshgan?
– Toshkentda investitsiya imkoniyatlari deyarli barcha yo‘nalishda kengaydi. Lekin bunga son yoki ro‘yxat bilan emas, investorning mantig‘i bilan javob beray. Har qanday investor ikki savolga javob izlaydi: mablag‘im himoyalanganmi va mahsulotimni sotadigan bozor bormi? Prezidentimiz olib borayotgan islohotlar natijasida Toshkentda bugun bu savollarga ishonchli javob olsa bo‘ladi. Buni raqamlar tasdiqlaydi. Masalan, 2022-yilda shaharga 1,5 milliard dollar investitsiya kiritilgan bo‘lsa, o‘tgan yili — 6,6 milliard, joriy yilgi vazifamiz — 9 milliard dollar. To‘rt yilda olti barobar o‘sish. Shu davrda yalpi hududiy mahsulot 147 trilliondan 370 trillion so‘mga yetdi, investitsiyalar tarkibida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar ulushi esa 23 foizdan oshdi, bu – xalqaro kapitalning ishonchi belgisi. Mazkur ishonchning eng yaqqol namunasi esa «Yangi avlod» maxsus sanoat zonasi. Birinchi bosqichdagi 750 gektar maydonning 80 foizi bo‘yicha investorlar aniqlangan, dastlabki korxonalar ishga tushirilgan, Prezidentimiz topshirig‘i bilan zona yana 500 gektarga kengaytirilmoqda.
Muhimi, bu yerda har bir loyiha ortida butun ekotizim turibdi. Masalan, “PepsiCo” zavodi alyumin banka ishlab chiqarish va quyish loyihalari bilan birga milliard dollarlik mahsulot beradi. Tijorat avtomobil ishlab chiqarish zavodining qiymati mashinaning o‘zida emas. Bunday avtomobillarga marshrutli tashuvlar, turizm, xizmat ko‘rsatish, kichik hajmdagi yuklarni yetkazib berish va boshqa ko‘plab sohalarda talab bor. Bizning hisob-kitobimizga ko‘ra, bunday turdagi mashinalarga Toshkent shahrining o‘zida 50 mingdan ortiq ehtiyoj mavjud. Zavod atrofida esa butlovchi qismlar ishlab chiqaradigan o‘nlab kichik va o‘rta korxona, yangi muhandislik maktabi va eksport salohiyati shakllanadi. «Korzinka»ning logistika markazi zamonaviy ta’minot zanjiri texnologiyalarini olib kiradi, robototexnika korxonalari joylashmoqda. Rejadagi quvvatlar to‘liq ishga tushsa, 3–5 yilda bu zona yiliga 10 milliard dollarlik mahsulot ishlab chiqariladi va 10–20 ming yoshlarimiz shu yerda zamonaviy va daromadli kasbga ega bo‘ladi.
Ammo imkoniyat faqat sanoatda emas. Toshkent mamlakatdagi qurilish ishlarining qariyb choragini bajarmoqda — endi master-rejalar asosida kompleks o‘zlashtiriladigan hududlar investorga taklif etiladi. Xizmatlar sohasida IT Park rezidentlari 500 million dollarlik eksportga chiqdi va bu bozor o‘sishda davom etmoqda. Tegishli qaror doirasida bozorlarni modernizatsiya qilish, gavjum ko‘chalar, 200 ming o‘rinli avtoturargoh dasturi — bularning barchasi auksionlar va davlat-xususiy sheriklik orqali xususiy kapitalga ochildi.
Eng muhimi, biz investitsiyaga faqat pul deb qaramaymiz. Har bir dollar ortidan texnologiya, bilim, ish o‘rni, eksport va soliq bazasi kirib keladi. Bizning vazifamiz — har bir investitsiya shahar iqtisodiyoti va aholi farovonligiga maksimal samara berishini ta’minlash.
– Poytaxt imkoniyatlaridan kengroq foydalanish uchun tadbirkorlarga nima muhim?
– Tadbirkorga, aslida, bitta narsa muhim — aniqlik. Tartib qanday, jarayon qancha vaqt oladi va qonun mulkimni himoyalay oladimi? Shu uchta savolga aniq javob bo‘lsa, qolganini biznesning o‘zi qiladi. Byurokratiya esa aynan shu aniqlikni o‘ldiradi, tadbirkor ishni bajarguncha o‘nlab xonadan o‘tishga majbur bo‘ladi, jarayonlarda noaniqlikliklar ko‘payadi.
Aynan shu muammoni yechish uchun 2023-yilda «Toshkent Invest» kompaniyasi tashkil etildi. Uning vazifasi — tadbirkor uchun yagona darcha vazifasini bajarish. Kompaniyaga xususiy sektorda ishlagan, loyihaning iqtisodiy modelini hisoblay oladigan mutaxassislar jalb qilingan, ular investor bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlaydi, loyihani maslahat bilan boshlab, amalga oshguncha hamrohlik qiladi. Dunyo tajribasida bu model o‘zini allaqachon oqlagan. Singapurning iqtisodiy rivojlanish kengashidan boshlab, muvaffaqiyatli shaharlargacha investor bilan o‘nta idora emas, bitta professional tashkilot ishlashi yo‘lga qo‘ygan. Biz ham shu yo‘ldamiz. Bu faqat yirik korxonalar uchun emas. Mahalliy tadbirkor uchun ham xizmat ko‘rsatadi, renovatsiya, avtoturargohlar, davlat-xususiy sheriklik loyihalarida ishtirok etmoqchi bo‘lgan korxonalar bugungi kunda kimga murojaat qilishlari aniq. Shaharning resurslari ham shunga xizmat qilyapti — birgina xizmat ko‘rsatish sohasiga tijorat banklari 22 trillion so‘m kredit ajratdi, yer uchastkalari ochiq auksionlar orqali taklif etilmoqda.
Kamchiligimizni ham ochiq aytaman: mavjud imkoniyatlar borasida barcha tadbirkorlar xabardor, deya olmaymiz. Ko‘pchilik «Toshkent Invest» eshigi faqat yirik investor uchun ochiq, deb o‘ylaydi. Bu noto‘g‘ri va bu bizning kommunikatsiya bo‘yicha kamchiligimiz. Hozir aynan shuning ustida ishlayapmiz.
Xulosa o‘rnida aytishim mumkinki, tadbirkorlar istasa, g‘oyani birgalikda ro‘yobga chiqaramiz, biznes modelini, texnik va iqtisodiy asoslarini ishlab chiqamiz, to‘g‘ri mexanizmlarni tanlaymiz.
O‘zA muxbiri Abdulaziz RUSTAMOV suhbatlashdi