Ummonda O‘zbekistonning tog‘-kon sohasidagi investitsiyaviy salohiyati taqdim etildi
O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasining Ummon Sultonligiga tashrifi doirasida tog‘-kon sanoati va geologiya sohalarida hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan qator uchrashuv va muzokaralar o‘tkazildi.
Muloqotlarda investitsiyaviy sheriklikni rivojlantirish, geologiya-qidiruv ishlarini amalga oshirish, istiqbolli maydonlarni o‘zlashtirish va yangi loyihalarni yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi.
Tashrif davomida delegatsiya Ummonning “Minerals Development Oman” (MDO) kompaniyasi vakillari bilan uchrashdi. Tomonlar O‘zbekistondagi istiqbolli hududlarda geologiya-qidiruv ishlarini tashkil etish, mineral resurslarni o‘zlashtirish va ushbu yo‘nalishlarda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqdi.

Shuningdek, “Tasnim Group” kompaniyasi bilan muhim minerallar sohasida hamkorlikni rivojlantirish, istiqbolli maydonlarda geologiya-qidiruv ishlarini birgalikda olib borish va yangi investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama etildi.
Vazirlik axborot xizmatining ma’lum qilishicha, uchrashuvlar Ummonning davlat tashkilotlari va xususiy sektor vakillari bilan ham davom etgan. Ularda O‘zbekistonning tog‘-kon sohasidagi investitsiya imkoniyatlari, sohaga ilg‘or texnologiyalarni jalb qilish, geologiya-qidiruv ishlarini rivojlantirish va yangi loyihalarni amalga oshirish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.
Muloqotlar davomida tomonlar tog‘-kon sanoati va geologiya sohalarida o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish, investitsiya va zamonaviy texnologiyalarni jalb etish hamda istiqbolli loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha aloqalarni davom ettirish muhimligini ta’kidladi.
N. Ziyodullayeva, O‘zA