Sharifa Davronova NCAA chempionatida kumush medal sohibi bo‘ldi
AQSH oliy o‘quv yurtlari o‘rtasida yengil atletika bo‘yicha o‘tkazilgan birinchi divizion — NCAA chempionatining final bosqichida o‘zbekistonlik sportchi Sharifa Davronova muvaffaqiyatli ishtirok etdi.
Musobaqa 10–13-iyun kunlari AQSHning Yujin shahridagi Heyuord Fild stadionida bo‘lib o‘tdi. Chempionat finaliga har bir yo‘nalish bo‘yicha g‘arbiy va sharqiy mintaqalardan saralangan eng kuchli 24 nafar atlet yo‘llanma olgan edi.
Ayollar o‘rtasida uch hatlab sakrash bahslarida Sharifa Davronova Oregon universiteti jamoasi safida qatnashib, finalda oltinchi urinishda 14,15 metr natija qayd etdi va kumush medalni qo‘lga kiritdi.
Musobaqa so‘nggi urinishga qadar keskin kurashlar ostida o‘tdi. Hamyurtimiz bir muddat peshqadamlikni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, Shantaye Forman 14,24 metr natija bilan chempionlikni rasmiylashtirdi.
Quvonarlisi, 14,15 metrlik ko‘rsatkich Sharifa Davronova uchun joriy mavsumdagi eng yaxshi natija bo‘lib turibdi. Ushbu natija o‘zbekistonlik sportchining xalqaro maydondagi yuqori imkoniyatini yana bir bor namoyon etdi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA