JCH–2026: Avstraliya muhim g‘alabaga erishdi
Kanadaning Vankuver shahridagi “BC Place” stadionida futbol bo‘yicha XXIII Jahon chempionatining “D” guruhidan o‘rin olgan Turkiya va Avstraliya terma jamoalari o‘rtasidagi bahs bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda Avstraliya terma jamoasi hujumchisi Nestori Irankunda 27-daqiqada hisobni ochgan bo‘lsa, Konor Metkalf 75-daqiqada jamoasining ustunligini mustahkamladi. Natijada Avstraliya Turkiya ustidan 2:0 hisobida g‘alaba qozonib, musobaqadagi ishtirokini muvaffaqiyatli boshladi.

Eslatib o‘tamiz, mazkur guruhning yana bir uchrashuvida AQSH terma jamoasi Paragvayni 4:1 hisobida mag‘lub etgan edi. Shu tariqa birinchi turdan keyin AQSH va Avstraliya terma jamoalari 3 ochkodan jamg‘arib, guruh peshqadamiga aylandi. Turkiya va Paragvay hisobida esa ochko yo‘q.
“D” guruhining ikkinchi tur uchrashuvlari 20-iyun kuni bo‘lib o‘tadi. Unda AQSH – Avstraliya hamda Turkiya – Paragvay jamoalari o‘zaro bahs olib boradi.

Darvoqe, bugungi kunning so‘nggi uchrashuvi “E” guruhida Germaniya va Kyurasao terma jamoalari o‘rtasida bo‘lib o‘tadi. O‘yin soat 22:00 da start oladi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA