Senatorlar qator xalqaro hujjatlarga oid masalalarni muhokama qildi
Senat yalpi majlisida “1993-yil 24-sentabrdagi Qochoqlar va ko‘chishga majbur bo‘lgan shaxslarga yordam ko‘rsatish to‘g‘risidagi Bitimning amal qilishini tugatish haqidagi Bayonnomani tasdiqlash to‘g‘risida”gi qonun ko‘rib chiqildi.
Mazkur Bitim sobiq Ittifoq parchalanishi ortidan yuzaga kelgan qurolli mojarolar, millatlararo nizolar hamda ommaviy migratsiya jarayonlari sharoitida qochoqlar va majburiy ko‘chirilgan shaxslarga yordam ko‘rsatish sohasida ishtirokchi davlatlar o‘rtasidagi hamkorlikni huquqiy jihatdan tartibga solish maqsadida qabul qilingan.
Bugungi kunda mazkur Bitim qabul qilinishiga asos bo‘lgan ijtimoiy-siyosiy sharoitlar tubdan o‘zgargan. Xalqaro hujjat o‘zining huquqiy va amaliy ahamiyatini yo‘qotgan.

Muhokama davomida Bitimning amal qilishini tugatish to‘g‘risidagi Bayonnomaning tasdiqlanishi mamlakatimiz xalqaro shartnomaviy siyosatini zamonaviy huquqiy munosabatlar va milliy manfaatlar asosida izchil takomillashtirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
***
Yalpi majlisida “Shaxsga doir ma’lumotlar almashinuvi sohasidagi ma’muriy masalalar bo‘yicha o‘zaro huquqiy yordam to‘g‘risidagi Bitimni (2020-yil 18-dekabr) ratifikatsiya qilish haqida”gi qonun ham ko‘rib chiqildi.

Mazkur Bitim Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi (MDH) davlatlari o‘rtasida shaxsga doir ma’lumotlar almashinuvi sohasida o‘zaro huquqiy yordam ko‘rsatishning samarali mexanizmlarini yaratishga qaratilgan.
Ushbu xalqaro hujjatning ratifikatsiya qilinishi MDH davlatlari bilan ma’muriy munosabatlarda axborot almashinuvi sohasidagi normativ-huquqiy bazani kengaytirish hamda shaxsga doir ma’lumotlar almashinuvi va ma’muriy sohadagi hamkorlikni institutsional jihatdan mustahkamlashga xizmat qiladi.
***
Yalpi majlisda “Birlashgan Millatlar Tashkilotining mediatsiya natijasida erishilgan xalqaro kelishuv bitimlari to‘g‘risidagi Konvensiyasiga (Nyu-York, 2018-yil 20-dekabr) O‘zbekiston Respublikasining qo‘shilishi haqida”gi qonun ko‘rib chiqildi.
Mazkur Konvensiya mediatsiya natijasida erishilgan xalqaro tijorat kelishuv bitimlarini tan olish va ijro etishning yagona xalqaro huquqiy mexanizmlarini belgilashga qaratilgan. Konvensiya xalqaro tijorat nizolarini suddan tashqari, tezkor va samarali hal etish imkoniyatlarini kengaytiradi hamda mediatsiya natijasida tuzilgan kelishuvlarning boshqa davlatlarda ijro etilishi uchun ishonchli huquqiy asos yaratadi.
O‘zbekistonning mazkur Konvensiyaga qo‘shilishi xorijiy investorlar va tadbirkorlarning mamlakatimiz huquqiy tizimiga bo‘lgan ishonchini oshirish, investitsiya muhitini yanada yaxshilash, eksport qiluvchi milliy korxonalar hamda tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari uchun xalqaro bozorlardagi huquqiy kafolatlarni kuchaytirishga xizmat qiladi.
Konvensiyaga qo‘shilishda O‘zbekistonning milliy manfaatlari inobatga olinib, uni qo‘llash doirasi bo‘yicha qo‘shimcha shartlar nazarda tutilmoqda. Unga ko‘ra, Konvensiya davlat yoki davlat organlari ishtirok etadigan kelishuvlarga nisbatan tatbiq etilmaydi hamda faqat taraflarning o‘zaro kelishuvi asosida qo‘llaniladi.
Mazkur qonunlar senatorlar tomonidan ma’qullandi.
N.Abduraimova, O‘zA