Korrupsiyaga oid jinoyatlar bo‘yicha 7 ming 517 nafar shaxs jinoiy javobgarlikka tortilgan
Senat yalpi majlisida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan taqdim etilgan O‘zbekiston Respublikasida Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risidagi milliy ma’ruza ko‘rib chiqildi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burhonov 2025-yilda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida amalga oshirilgan islohotlar natijasida davlat boshqaruvida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, davlat xizmatlarini raqamlashtirish, korrupsiyaning oldini olish hamda jamoatchilik nazoratini kuchaytirish borasida muayyan natijalarga erishilgani qayd etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti ishtirokida o‘tkazilgan Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida belgilangan vazifalar ijrosi doirasida respublika bo‘ylab sog‘liqni saqlash, ta’lim, bandlik, bank va kadastr sohalarida korrupsiya va byurokratiyaning kelib chiqish sabablari joyida o‘rganildi.
Natijalari asosida hududlar va vazirliklarda sayyor yig‘ilishlar o‘tkazilib, korrupsiya xavfi yuqori bo‘lgan tuman va shaharlar uchun manzilli “yo‘l xaritalari” tasdiqlandi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish sohasini yanada takomillashtirishga qaratilgan 7 ta normativ-huquqiy hujjat qabul qilindi. Davlat xizmatlarini raqamlashtirish ko‘lami kengaytirildi. Davlat xaridlari sohasida qonunbuzilishlarni aniqlash va bartaraf etish bo‘yicha ta’sirchan choralar ko‘rildi.

Davlat organlari va tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi ichki nazorat (komplayens) tuzilmalari mustaqil shaklda qayta tashkil etildi.
Muhokama davomida sohada saqlanib qolayotgan tizimli muammo va kamchiliklarga alohida e’tibor qaratildi.
2025-yilda korrupsiyaga oid jinoyatlar bo‘yicha 7 ming 517 nafar shaxs jinoiy javobgarlikka tortilgan. Davlat manfaatlariga 2,9 trillion so‘mdan ortiq zarar yetkazilgan.
Eng ko‘p korrupsiyaga oid jinoyatlar maktabgacha va maktab ta’limi, sog‘liqni saqlash, mahalliy hokimliklar hamda tijorat banklari hissasiga to‘g‘ri kelgan.
Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining har to‘rtinchisida korrupsiyaviy omillar aniqlangan Davlat xaridlari sohasida 12,6 trillion so‘mlik qonunbuzilishlar qayd etilgan. Ayrim davlat organlari va hududlar korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligi hamda ochiqlik indeksi bo‘yicha qoniqarsiz natija ko‘rsatgan.

Senatorlar korrupsiyaga qarshi kurashishda erishilgan natijalar bilan bir qatorda, profilaktika ishlarining samaradorligini oshirish, davlat xaridlari sohasida qonuniylikni mustahkamlash, ichki nazorat (komplayens) tizimi faoliyatini kuchaytirish, davlat organlari faoliyatining ochiqligini ta’minlash hamda korrupsiya oqibatida davlatga yetkazilgan zararning qoplanishi ustidan nazoratni kuchaytirish zarurligini ta’kidladi.
Muhokama jarayonida Senat a’zolari tomonidan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, vazirlik va idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlarining korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha faoliyatini yanada takomillashtirishga qaratilgan takliflar bildirildi.
Muhokama yakunida Senatning tegishli qarori qabul qilindi.
N.Abduraimova, O‘zA