Kosonda elektr ta’minotidagi muammolar xonadonma-xonadon o‘rganilmoqda
Qashqadaryo viloyatining Koson tumanida aholini elektr energiyasi bilan barqaror va sifatli ta’minlash, tarmoqlardagi yo‘qotishlarni kamaytirish hamda mavjud muammolarni joyida bartaraf etishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.
E’tiborlisi, bu jarayonda masalaga odatdagidek yuqoridan turib emas, balki har bir mahalla va xonadonga kirib borgan holda yondashilmoqda. Buning uchun tumandagi barcha 74 ta mahallada 30 ta ishchi guruh faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.

Yangiyo‘l tumani tajribasi asosida tashkil etilgan mazkur tizimda elektr ta’minoti korxonasi mutaxassislari bilan birga gaz ta’minoti xodimlari va mahalla faollari ham ishtirok etmoqda. Shu tariqa hududdagi 1073 ta aholi xonadonlaridagi elektr va gaz ta’minoti bilan bog‘liq muammolar kompleks o‘rganilmoqda.
O‘rganishlar davomida eskirgan elektr hisoblagichlarini almashtirish, transformatorlar va elektr uzatish tarmoqlarini ta’mirlash, tarmoqlarni daraxt shoxlaridan tozalash kabi ishlar amalga oshirilmoqda. Ayrim holatlarda esa muammoning sababi xonadonning o‘zida emas, balki tarmoqning yuqori qismida ekani aniqlanib, tegishli choralar ko‘rilmoqda.

Muhimi, aniqlangan kamchiliklar faqat qayd etib qo‘yilmayapti. Ularni bartaraf etish uchun maxsus ta’mirlash brigadalari shakllantirilib, zarur ishlar imkoni boricha joyida bajarilmoqda.
Bunday yondashuv aholining elektr ta’minoti bo‘yicha murojaatlarini kamaytirish, tarmoqlardagi avariyaviy holatlarning oldini olish va mavjud quvvatlardan samarali foydalanish imkonini beradi.

O‘rganishlar gaz ta’minoti tizimini ham qamrab olgan. Gaz hisoblagichlarining ishlashi, tarmoqlarning texnik holati va xonadonlardagi jihozlardan foydalanish talablari o‘rganilib, aniqlangan kamchiliklar bartaraf etilmoqda. Bu jarayonda qoidabuzarliklarning oldini olish bilan birga, aholiga xavfsiz va barqaror gaz ta’minotini ta’minlashga ham alohida e’tibor qaratilmoqda.

Koson tumanidagi mazkur tajribaning yana bir muhim jihati, aholi bilan bevosita muloqot yo‘lga qo‘yilganidir. Xonadonlarga kirib borish orqali ko‘pincha oddiy murojaat ortida turgan, ammo tizimli yondashuvni talab qiladigan muammolar ham aniqlanmoqda.
Ayni paytda o‘rganish va ta’mirlash ishlari davom ettirilmoqda. Asosiy maqsad esa aniq — har bir mahallada elektr va gaz ta’minoti barqarorligini ta’minlash, iste’molchining muammosini eshitish va uning yechimini kutib o‘tirmasdan, joyida hal etish.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri