Kitobxonlik madaniyati
Mulohaza
Xalqimizda: “tanganing ikki tomoni bor”, degan maqol bejiz aytilmagan.
Darhaqiqat, eng yomon narsaning ham bir yaxshi tomoni yoki eng yaxshining ham bir yomoni bor. Masalan, kitob mutolaasiga barchamizni undashgan. Biz ham undab kelmoqdamiz. Ammo kitob o‘qishning ham salbiy oqibatlari yo‘q emas. Qanday deysizmi?
Kitoblar ham mahsulotning bir turi. Kitobxon esa iste’molchi. Shunday ekan, yaroqsiz mahsulot kishiga zarar bermay qolmaydi. Ayniqsa, ma’naviyatimiz ozuqasi bo‘lgan kitobni to‘g‘ri tanlash g‘oyat muhim sanaladi. Shubhasiz, kitoblarning har biri ezgulik g‘oyalari bilan to‘yingandir. Biroq shunday kitoblar borki, ular haqida bunday deya olmaymiz. Bundan tashqari kimgadir kitob tavsiya qilishdan burun uning yoshi va tafakkur chegarasini albatta, inobatga olish lozim. Taassufki, bugungi kunda sariq matbuotdagi asarlar, ya’ni kishi ongini sayozlashtiradigan kitoblar ommalashdi. Bunga sohadagi marketing ham jiddiy sabab desak, yanglishmaymiz. Albatta, muallif o‘z mehnatiga moddiy rag‘bat olishi quvonarli hol. Ammo u omma oldidagi mas’uliyatini ham jiddiy his qilmog‘i shart. Farzand tarbiyasida ham ota-onalar e’tibor berish kerak bo‘lgan muhim jihat bor. U ham bo‘lsa, bolalari o‘qiyotgan kitoblar xususida albatta, filolog mutaxassislardan ko‘rsatmalar olishlaridir. Shundagina sog‘lom tafakkur va yuksak bilim sohiblarini tarbiyalash mumkin.
– Inson ongi ham daraxt kabidir, – deydi filologiya fanlari doktori Komiljon Hamrayev. – Kitoblar inson ruhini davolovchi dori kabidir. Jismimiz bemor bo‘lsa, shifokor tavsiyasi bilan dori iste’mol qilganimiz kabi kitob o‘qishda ham ustozlar ko‘rsatmasiga amal qilish talab etiladi. Chunki har bir noto‘g‘ri ozuqa kishiga zarar bermog‘i mumkin.
Xulosa qilib aytganda, mamlakatimizda olib borilayotgan kitobxon millat shakllantirish tashabbusida faol bo‘lish bilan birga ehtiyot bo‘lishimiz ham lozim. Zero, hushyorlik millat ertasiga bo‘lgan munosabatimizning muhim ko‘rinishidir.
Sherbek Islomov, O‘zA