Senat: ichki bozorda muomalaga chiqarilayotgan mahsulotlar xavfsizligi ta’minlanadi
Senat yalpi majlisida “Bozor nazorati to‘g‘risida”gi qonun muhokama qilindi.
Mazkur qonun yuzasidan ma’ruza qilgan Senatning Byudjet va iqtisodiy masalalar qo‘mitasi raisi Erkin Gadoyev inson manfaatini ta’minlash, iste’molchilarning huquq va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishga doimiy e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.
Ichki bozorda muomalaga chiqarilayotgan mahsulotlar xavfsizligini ta’minlash hamda tadbirkorlik sub’ektlari uchun adolatli va shaffof raqobat muhitini shakllantirishga qaratilgan izchil islohotlar amalga oshirilayotganini ta’kidladi.

Bozorda inson hayoti, sog‘lig‘i, mol-mulki hamda atrof-muhit uchun xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan nooziq-ovqat mahsulotlarini aniqlash, ularni muomaladan chiqarish va vakolatli davlat organlarining o‘zaro hamkorligini ta’minlash bilan bog‘liq munosabatlarni yagona huquqiy asosda tartibga soluvchi alohida qonun mavjud emasligi qayd etildi.
Qonun bilan bozor nazorati sohasida yagona huquqiy mexanizm joriy etilmoqda. Jumladan, bozor nazoratini amalga oshirishning asosiy prinsiplari, vakolatli davlat organlari hamda iqtisodiy operatorlarning huquq va majburiyatlari, bozor nazorati tadbirlarini o‘tkazish tartibi hamda ta’sir choralarini qo‘llashning aniq huquqiy asoslari belgilanmoqda.
Qonun bilan bozor nazoratini xavf-xatarlarni baholash asosida tashkil etish, nazorat xaridlarini amalga oshirish, mahsulotlarni laboratoriya sinovlaridan o‘tkazish, xavfli mahsulotlarni muomaladan chiqarish va chaqirib olish hamda iste’molchilarni tezkor xabardor qilish mexanizmlari joriy etilmoqda.

Ayniqsa, iqtisodiy operatorlarning huquqlari kafolatlanib, ularga bozor nazorati tadbirlarida ishtirok etish, nazorat materiallari bilan tanishish, audio va videoyozuvlarni amalga oshirish, shuningdek, vakolatli organlar qarorlari ustidan belgilangan tartibda shikoyat qilish huquqi berilayotgani tadbirkorlik sub’ektlarining qonuniy manfaatlarini yanada ishonchli himoya qilishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Senatorlar ma’qullagan qonun ichki bozorda faqat xavfsiz va belgilangan talablarga javob beradigan mahsulotlar muomalada bo‘lishini ta’minlashga huquqiy asos yaratadi.
Iste’molchilarning huquqlari yanada samarali himoya qilinadi. Davlat nazoratining ochiqligi va shaffofligi oshiriladi. Halol tadbirkorlik muhiti mustahkamlanib, bozor nazoratining zamonaviy va samarali tizimi shakllantiriladi.
N.Abduraimova,
N.Haydarov (surat), O‘zA