Senatda bolalar himoyasi haqida qanday fikrlar bildirildi? (+video)
Bugun, 2026-yil 2-oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yigirmanchi yalpi majlisi o‘z ishini boshladi. Unda Senat va Hukumat a’zolari, vazirlik va idoralar rahbarlari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Yalpi majlisning birinchi ish kunida Konstitutsiyaviy sud, oziq-ovqat xavfsizligi, bank faoliyati, xalqaro mehnat standartlarining milliy qonunchilikka implementatsiya qilinishiga oid qonunlar muhokama qilindi.
Uyushgan jinoyatchilik va jamoat tartibiga qarshi jinoyatlar uchun javobgarlikni kuchaytirish, davlat veterinariya nazoratini takomillashtirish, ma’muriy javobgarlikni tartibga solishga qaratilgan qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bilan bog‘liq qonunlar ko‘rib chiqildi.
Yalpi majlisda “Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun qizg‘in muhokama markazida bo‘ldi.
Qonun bo‘yicha ma’ruza qilgan Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi Abdulhakim Eshmurodov bolalarga nisbatan sodir etilayotgan og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlar, ayniqsa, ularning jinsiy daxlsizligiga tajovuz qilish holatlari barchani jiddiy tashvishga solayotganini ta’kidladi.
– 14 yoshga to‘lmagan shaxsning nomusiga tegish bilan bog‘liq jinoyatlar 2022-yilda 85, 2023-yilda 123, 2024-yilda 129, 2025-yilda esa 123 tani tashkil etdi, - dedi A. Eshmurodov. – Qonun bilan Jinoyat, Jinoyat-protsessual, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi, Jinoyat-ijroiya, Mehnat kodekslari hamda bir qator sohaviy qonun hujjatlariga muhim o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.Jumladan, 14 yoshga to‘lmagan shaxsning nomusiga tegish hamda unga nisbatan jinsiy ehtiyojni zo‘rlik ishlatib, g‘ayritabiiy usulda qondirganlik uchun 25 yilgacha yoki umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi joriy etilmoqda.
Mazkur masala bo‘yicha munosabat bildirgan Senat Raisi Tanzila Norboyeva zo‘ravonlik haqidagi xabarlarni har tomonlama baholash va tegishli choralarni ko‘rish zarurligini ta’kidladi.
– Bolaning protsessual huquqlariga rioya etilishi ustidan qat’iy nazorat o‘rnatilishi kerak, - dedi T.Norboyeva. – Shuningdek, mas’ul idoralarning harakatsizligi yoki bunday holat yuz berishiga sharoit yaratib bergan harakatlariga ham huquqiy baho berilishi lozim. Birinchi navbatda, bolani himoya qilish choralarini ko‘rmagan, xabarni yashirgan, o‘z vazifasini bajarmagan mansabdor shaxslar bo‘yicha juda qat’iy choralar ko‘rilishi kerak. Boshqalar ham bunday holatlarga yo‘l qo‘yish qanday oqibatlarga olib kelishini bilishi lozim.Bu oddiy e’tiborsizlik emas, balki jinoyatdir. Shuning uchun mansabdor shaxslar qonunda belgilangan javobgarlik choralarini yaxshi bilishi kerak. Bundan tashqari, bolaning buzilgan huquqlarini tiklash, qonunda belgilangan hollarda sudga murojaat qilish, bolaning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish choralarini qat’iy ta’minlashimiz zarur.
Majlisda ushbu toifadagi jinoyatlar bo‘yicha javobgarlikka tortish va hukmni ijro etish muddati o‘tib ketganligi qo‘llanilmasligi, shuningdek, bolaning o‘limiga sabab bo‘lgan qasddan jinoyat sodir etgan shaxsga nisbatan shartli hukm qilish va muddatidan ilgari shartli ozod qilish taqiqlanishi qayd etildi.
Majlisda qonunning ijrosi va uni aholiga tushuntirish masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Senatorlar bu masalada fikr bildirish bilan birga mutasaddilarni savollarga tutdi.
– Jinoyatchilik bilan bog‘liq holatlarni tahlil qiladigan bo‘lsak, ayrim toifadagi jinoyatlar soni ortib borayotganini ko‘ryapmiz, - dedi senator Husan Ermatov. – Bu, mening nazarimda, ozgina tahlilni talab qiladi. Qonunni qabul qilishning o‘zi yetarli emas. Masalan, qonun qabul qilinganidan keyin uning mazmun-mohiyatini aholiga yetkazish juda muhim. Ayniqsa, ushbu qonunlarni ijro etadigan tashkilotlar, ta’lim muassasalari va tegishli idoralarga uning mazmun-mohiyatini to‘liq tushuntirish, keyin esa keng jamoatchilikka yetkazish va qonun talablarini ularning ongiga singdirish nuqtai nazaridan qanday chora-tadbirlar ko‘riladi? Shu masalada qanday ishlar amalga oshirilishi rejalashtirilgan?
Bunga javoban Adliya vaziri o‘rinbosari Mirjalol Allakuliyev qonun qabul qilinganidan so‘ng tegishli huquqni muhofaza qiluvchi va vakolatli organlar bilan hamkorlikda uning mazmun-mohiyatini aholiga yetkazishga qaratilgan maqsadli targ‘ibot dasturi ishlab chiqilishini bildirdi. Hududlarda aholi bilan bevosita uchrashuvlar o‘tkazish, ijtimoiy tarmoqlar va boshqa axborot platformalari orqali qonunni keng yoritish ishlari amalga oshiriladi.
Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Botir Qudratxo‘jayev qonunning mazmun-mohiyati va ahamiyatini keng tushuntirish maqsadida ta’lim muassasalari, mahalla faollari, fuqarolik jamiyati institutlari va manfaatdor tashkilotlar bilan hamkorlikda targ‘ibot ishlari olib borilishini ma’lum qildi.
Bosh prokuratura boshqarma boshlig‘i Alisher Mahmudov qonun mohiyatini keng ommaga yetkazish, uning har bir xonadonga kirib borishi va har bir insonning xulq-atvoriga ta’sir etishi uchun harakat qilinishi zarurligini ta’kidladi.
– Toki har bir yurtdoshimiz o‘z farzandlari davlat himoyasida ekanligini chuqur his qilsin. Fursatdan foydalanib, Bosh prokuraturaning bu boradagi qat’iy va prinsipial pozitsiyasini bildirmoqchimiz. Bu Bosh prokuratura rahbariyatining qat’iy nazoratida bo‘ladi. Ushbu toifadagi jinoyatlarga nisbatan jazo muqarrarligi qonunda belgilangan eng qat’iy, keskin normalar asosida ta’minlanadi, – dedi A. Mahmudov.
Senat a’zosi Abdusaid Ko‘chimov bolani zo‘ravonlikdan himoya qilish bilan bir qatorda, uni zo‘ravonlik, jinoyatchilik va boshqa salbiy ta’sirlarga olib boruvchi muhitdan asrash ham muhimligini qayd etdi. Voyaga yetmaganlarni salbiy xatti-harakatlarga jalb qilmaslik uchun faqat jazo choralarini kuchaytirishning o‘zi yetarli emas, bunda oila, ta’lim muassasasi, mahalla va profilaktika sub’ektlarining hamkorligi, bolaning muammolarini barvaqt aniqlash va unga zarur ijtimoiy yordam ko‘rsatish muhim ahamiyatga egaligini alohida ta’kidladi.
Senatorlar muhokama davomida bolalarni zo‘ravonlik va salbiy muhitdan himoya qilish, bunday jinoyatlarning oldini olish, jazoning muqarrarligini ta’minlash bilan birga, profilaktika ishlarini kuchaytirish zarurligini qayd etdi.
Yalpi majlisda ma’qullangan qonun bilan bolalarga nisbatan zo‘ravonlikning oldini olish, ularning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan qator kuchli huquqiy mexanizmlar belgilandi.
Norgul Abduraimova,
Nosirjon Haydarov (surat),
Doniyor Yoqubov (video),
Sadimjon Obidjonov (montaj), O‘zA