Ustoz – ilm va jasoratga chorlovchi qalb egasi
Ilm — insoniyat yaratgan eng buyuk boylik. Ustoz esa ana shu bebaho xazinani avloddan-avlodga yetkazuvchi, qalblarga ma’rifat va tafakkur nurini olib kiruvchi fidoyi insondir. Zero, buyuk kashfiyotlar ortida — ustoz sabog‘i, yuksak marralar ortida esa — murabbiy mehnati mujassam.
O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan Shimoli-g‘arbiy harbiy okrugida ustoz va murabbiylarga bo‘lgan yuksak ehtiromning yorqin ifodasi bo‘lgan bayram tadbiri tashkil etildi. Tadbirda okrug qo‘mondonligi, harbiy xizmatchilar, Qurolli Kuchlar ishchi xizmatchilari, faxriylar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Harbiy ta’lim shunchaki bilim berish emas, balki Vatan himoyachisini tarbiyalashdek ulkan va sharafli vazifadir. Bu jarayonda ustoz va murabbiylarning o‘rni beqiyos. Chunki harbiy xizmatchilarning jismoniy, jangovar, psixologik va ma’naviy tayyorgarligi, turli xalqaro musobaqalarda munosib natijalarga erishayotgani zamirida ham ustoz va murabbiylarning zahmatli mehnati, tajribasi va talabchanligi mujassam.

Bayram tadbirida uzoq yillar davomida sharafli xizmat qilib kelayotgan faxriylar va ustoz-murabbiylarning fidokorona mehnati alohida e’tirof etildi. Ularning yosh avlod tarbiyasiga qo‘shgan munosib hissasi hamda harbiy ta’lim va tarbiya rivojiga qo‘shgan ko‘p yillik xizmati uchun faxriy yorliqlar va qimmatbaho sovg‘alar tantanali ravishda topshirildi.

Tadbirning badiiy qismida san’atkorlar tomonidan ustoz va murabbiylarning sharafli mehnatini madh etuvchi kuy-qo‘shiqlar ijro etildi. Taniqli estrada xonandalarining chiqishlari esa tadbir ishtirokchilariga ko‘tarinki kayfiyat ulashib, bayram shukuhini yanada oshirdi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri