Senat: kredit reklamasida moliyaviy xatarlar haqida ogohlantirish bo‘lishi kerak
Aholining sug‘urtaga oid savodxonligini oshirish, moliyaviy xizmatlardan foydalanishda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xatarlar haqida fuqarolarni oldindan ogohlantirish mexanizmlarini yanada takomillashtirish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Bu Senatning Byudjet va iqtisodiy masalalar qo‘mitasi majlisida “Reklama to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga qo‘shimchalar va o‘zgartirish kiritish haqida”gi qonun muhokamasi davomida qayd etildi.
Qonun bilan “Reklama to‘g‘risida”gi qonunga bir qator qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilmoqda. Xususan, aholining sug‘urtaga oid savodxonligini oshirishga qaratilgan targ‘ibot materiallarini ijtimoiy axborot sifatida e’tirof etish nazarda tutilib, vakolatli organlar mazkur yo‘nalishdagi ijtimoiy reklama beruvchilar qatoriga kiritilmoqda.

Kredit va mikroqarz reklamasida qarz majburiyatlarini bajarmaslik moliyaviy xatarlarni yuzaga keltirishi mumkinligi to‘g‘risida ogohlantirish bo‘lishi kerakligi hamda bunday ogohlantirish reklamaning asosiy maydoni va vaqtining kamida o‘n foizini tashkil etishi lozimligi belgilanmoqda.
Senatorlar “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga tadbirkorlik sub’ektlari uchun tartibga solish yukini kamaytirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunni ham ko‘rib chiqdi.
Qonun talablarini buzgan tadbirkorlik sub’ektlariga nisbatan qo‘llanilayotgan ayrim huquqiy ta’sir choralari hamda ortiqcha ma’muriy tartib-taomillar ularning faoliyatini tezkor tiklash imkoniyatlarini cheklayotgani qayd etildi.
Qonun bilan Iqtisodiy protsessual va Soliq kodekslariga soliq organining tadbirkorlik sub’ekti bank hisobvaraqlari bo‘yicha operatsiyalarni to‘xtatib turish haqidagi qaroriga tadbirkorlik sub’ekti tomonidan e’tiroz bildirilgan taqdirda ushbu masala sud tartibida ko‘rib chiqilishiga oid o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Bank hisobvaraqlari bo‘yicha operatsiyalarni to‘xtatib turish uchun asos bo‘lgan holatlar bartaraf etilganidan keyin mazkur cheklovlarni bekor qilishning aniq tartibi nazarda tutilmoqda.
Qo‘mita a’zolari ta’kidlaganidek, mazkur qonunlar iste’molchilarning moliyaviy savodxonligini oshirish, ularni ishonchli va xolis axborot bilan ta’minlash hamda tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatiga ortiqcha aralashuvlarni kamaytirish, ularning moliyaviy barqarorligini ta’minlashga xizmat qiladi.
Muhokama yakunida tegishli qarorlar qabul qilindi.
N.Abduraimova,
O‘zA