Milliy texnik jihatdan tartibga solish tizimi xalqaro standartlarga muvofiqlashtiriladi
Senat yalpi majlisida “Mahsulotlarning umumiy xavfsizligi to‘g‘risida”gi qonun ko‘rib chiqildi.
Mazkur masala yuzasidan ma’ruza qilgan Senatning Agrar, suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasi raisi Anvar To‘ychiyev jahon iqtisodiyotida globallashuv jarayonlari, elektron tijoratning jadal rivojlanishi, transchegaraviy savdoning kengayishi hamda mahsulotlar turlarining ortishi mahsulotlar xavfsizligi sohasida mutlaqo yangi yondashuvlarni talab qilayotganini ta’kidladi.
Ushbu qonun mamlakatimizda texnik jihatdan tartibga solish tizimini tubdan isloh qilish, mahsulotlar xavfsizligini ta’minlash hamda iste’molchilar huquqlarini samarali himoya qilishga qaratilgan.
Qonun Jahon savdo tashkilotining Savdodagi texnik to‘siqlar to‘g‘risidagi bitimi hamda xalqaro ilg‘or amaliyot talablariga muvofiq ishlab chiqilgan.

Bozorga chiqariladigan barcha mahsulotlar xavfsiz bo‘lishi shart. Ishlab chiqaruvchilar, import qiluvchilar va iqtisodiy operatorlar mahsulotning xavfsizligi uchun bevosita mas’ul hisoblanadi.
Shuningdek, iqtisodiy operatorlarga mahsulot xavfini baholash, texnik hujjatlarni yuritish, mahsulotni identifikatsiya qilish, iste’molchilardan kelib tushgan murojaatlarni hisobga olish hamda xavfli mahsulotlarni bozordan qaytarib olish bo‘yicha aniq majburiyatlar yuklatilmoqda.

Qonun bilan bozor nazoratining xavflarga asoslangan yangi mexanizmi joriy etilib, xavfli mahsulotlarni tezkor aniqlash va ularni muomaladan chiqarish bo‘yicha milliy axborot almashuvi tizimi tashkil etiladi.
Senatorlar ma’qullagan qonun aholi hayoti va sog‘lig‘ini muhofaza qilish, mahalliy mahsulotlar raqobatbardoshligi va eksport salohiyatini oshirish, shuningdek, mamlakatimiz texnik jihatdan tartibga solish tizimini xalqaro standartlarga muvofiqlashtirishga xizmat qiladi.
Bundan tashqari, ichki bozorga kiritilayotgan mahsulotlar xavfsizligini kafolatlash, iste’molchilarni xavfli mahsulotlardan himoya qilish va ularning bozorga bo‘lgan ishonchini mustahkamlash uchun huquqiy asos yaratiladi.
N.Abduraimova,
N.Haydarov (surat), O‘zA