«Mo‘ynoq: kecha, bugun, ertaga» — fotosuratlardagi tarix
FOTOREPORTAJ
Poytaxtimizdagi Toshkent Fotosuratlar uyida «Mo‘ynoq: kecha, bugun, ertaga» nomli fotoko‘rgazma ochildi.
Ekspozitsiyada arxiv, badiiy va hujjatli fotosuratlar orqali Orol dengizi bilan taqdiri chambarchas bog‘liq bo‘lgan Mo‘ynoq shahrining kechmishi va bugungi qiyofasi aks ettirilgan. Ko‘rgazma Mo‘ynoqning Orolbo‘yining yirik port shaharlaridan biri bo‘lgan davri, ekologik inqiroz oqibatlari hamda hududda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik va tiklanish jarayonlarini yoritadi.
[gallery-30780]
Ko‘rgazmaga fotorassomlar Ravil Alibekov, Hamdam Shorahmedov, Vladimir Goncharenko va Viktor Anning ijod namunalari qo‘yilgan. Ularda Orol dengizining turli davrlardagi manzaralari, Mo‘ynoqdagi «Kemalar qabristoni», Ustyurt platosi va Orolbo‘yi tabiatining betakror ko‘rinishlari tasvirlangan.
Ekspozitsiyaning alohida qismi O‘zbekiston Milliy axborot agentligi — O‘zA fotomuxbirlari ishlaridan tashkil topgan. Unda Orolbo‘yida amalga oshirilayotgan ekologik va ijtimoiy loyihalar, infratuzilmani rivojlantirish, aholi turmush sharoitini yaxshilash hamda Orol dengizining qurigan tubida saksovulzorlar barpo etish ishlari aks etgan.
Kamola Yusupova, Sarvar O‘rmonov (surat), O‘zA.