SAYYOR QABULLAR — FUQAROLAR MUAMMOLARIGA YeCHIM
Fuqarolarning muammolarini bevosita o‘rganish, ularni qiynayotgan masalalar yuzasidan huquqiy tushuntirishlar berish hamda murojaatlarini ijobiy hal etish maqsadida hududlarda Byuro direktori va uning o‘rinbosarlari tomonidan sayyor qabullar o‘tkazib kelinmoqda.
Navbatdagi sayyor qabul Surxondaryo viloyatida Byuro direktori o‘rinbosari X.Ochilov tomonidan tashkil etilib, viloyatning barcha tuman va shahar bo‘limlarida fuqarolar bilan uchrashuvlar o‘tkazilishi ta’minlandi.
Sayyor qabullar davomida jismoniy va yuridik shaxslardan jami 142 ta murojaat qabul qilindi. Shundan 17 tasi qarz undirish, 75 tasi aliment, 11 tasi nomulkiy tusdagi, 13 tasi taqiqni bekor qilish, 11 tasi aliment hisob-kitobi, 1 tasi qarzdorlikni so‘ndirish hamda 14 tasi boshqa masalalar bilan bog‘liq murojaatlarni tashkil etdi.

Sayyor qabullarning eng muhim natijalaridan biri — Angor va Boysun tumanlarida aliment masalasida murojaat qilgan ikki oila vakillarining o‘zaro yarashtirilganidir. Bu esa farzandlarning ota-ona mehri va bag‘rida, oila muhitida ulg‘ayishiga zamin yaratdi.
Qabul javomida 15 nafar fuqarolarning murojaatiga joyida yechim topilib, ijobiy hal etilishi ta’minlandi.

Qo‘shimcha o‘rganish va muayyan vaqt talab etadigan murojaatlar alohida nazoratga olinib, ularni qonuniy tartibda hal etish choralari ko‘rilmoqda.
Fuqarolar bilan ochiq muloqotni ta’minlash, ularning murojaatlarini joyida eshitish va muammolarga amaliy yechim topish borasidagi ishlar izchil davom ettiriladi.
Hamroz Bayonov
O‘zA