Saylovchi ishonchi — senator e’tiborida
Bugungi Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining eng muhim tamoyillaridan biri — davlat idoralari vakillarining xalq bilan doimiy muloqotda bo‘lishi, fuqarolarni qiynayotgan masalalarni joyiga chiqqan holda o‘rganishi va ularga amaliy yechim topishidir. Ayniqsa, qonun ijodkorligi bilan bir qatorda qabul qilinayotgan qonunlarning mazmun-mohiyatini aholiga yetkazish, ularning hayotdagi ahamiyatini tushuntirish va ijrosini nazorat qilish mamlakat taraqqiyotining muhim omiliga aylanmoqda. Bu borada senatorlarning hududlardagi uchrashuvlari xalq ishonchini mustahkamlash, ochiqlik va hisobdorlikni ta’minlashga xizmat qilayotgani bilan ahamiyatlidir.
Ana shunday muloqotlardan biri Buxoro viloyatining Shofirkon tumanida bo‘lib o‘tdi. Unda Oliy Majlis Senatining Byudjet va iqtisodiy masalalar qo‘mitasi raisi Erkin Gadoyev saylovchilar bilan uchrashib, mamlakatimiz hayotida muhim ahamiyat kasb etayotgan qonunchilik jarayonlari hamda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar xususida atroflicha fikr yuritdi.
Uchrashuvda Oliy Majlis Senatining so‘nggi yalpi majlisida ma’qullangan qonunlar, muhokama qilingan dolzarb masalalar hamda ularning mazmun-mohiyati keng tushuntirildi. Xususan, qabul qilingan qonunlarning mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotini jadallashtirish, tadbirkorlik sub’ektlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, byudjet mablag‘laridan samarali va maqsadli foydalanish, mahalliy iqtisodiyotni rivojlantirish hamda aholi farovonligini yuksaltirishdagi o‘rni haqida batafsil ma’lumotlar berildi.
Senator qonunlar faqat huquqiy hujjat emas, balki har bir fuqaroning hayotiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadigan muhim islohotlar poydevori ekanini ta’kidlab, ularning ijrosini ta’minlashda jamoatchilik ishtiroki va fuqarolik mas’uliyati ham alohida ahamiyat kasb etishini qayd etdi.

Uchrashuvning eng ahamiyatli jihatlaridan biri ochiq muloqot ruhida o‘tganidir. Saylovchilar o‘zlarini qiynayotgan muammolar, amalga oshirilayotgan islohotlar yuzasidan fikr va takliflarini erkin bildirish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Fuqarolarning murojaatlari diqqat bilan tinglanib, ularni hal etish bo‘yicha tegishli mutasaddi tashkilotlar rahbarlariga aniq vazifalar yuklatildi. Qo‘shimcha o‘rganishni talab etadigan masalalar esa alohida nazoratga olinib, ularning ijrosini ta’minlash bo‘yicha zarur choralar belgilab olindi.
Tashrif doirasida senator hududda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan ham yaqindan tanishdi. Yangi ijtimoiy ob’ektlar barpo etish, mahallalar infratuzilmasini yaxshilash, aholi bandligini ta’minlash, tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlash hamda kambag‘allikni qisqartirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar tahlil qilindi.
Ayniqsa, yangi ish o‘rinlarini yaratish, oilalar daromadini oshirish, investitsiyalarni jalb etish, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish sohalarini kengaytirish yuzasidan amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar muhokama qilinib, mavjud imkoniyatlardan yanada samarali foydalanish bo‘yicha amaliy takliflar bildirildi. Hudud rivojiga to‘sqinlik qilayotgan ayrim muammolar tanqidiy tahlil qilinib, ularni bartaraf etishning aniq mexanizmlari yuzasidan mas’ullarga tavsiyalar berildi.

Ta’kidlanganidek, har bir hududning iqtisodiy qudrati, eng avvalo, odamlarning mehnat qilishi, tadbirkorlik bilan shug‘ullanishi va munosib daromad topishi uchun yaratilgan imkoniyatlar bilan belgilanadi. Shu bois aholi bandligini ta’minlash, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, mahalliy byudjet mablag‘laridan oqilona foydalanish hamda ijtimoiy dasturlarning samaradorligini oshirish ustuvor vazifalardan biri bo‘lib qolmoqda.
Shofirkon tumanida o‘tkazilgan mazkur uchrashuv yana bir muhim haqiqatni namoyon etdi: xalq bilan yuzma-yuz muloqot, muammolarni joyida o‘rganish va ularga amaliy yechim topish Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining eng samarali boshqaruv tamoyiliga aylanmoqda. Davlat va jamiyat o‘rtasidagi bunday ochiq muloqot muhiti esa odamlarning ertangi kunga bo‘lgan ishonchini yanada mustahkamlab, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning hayotiy samarasini oshirishga xizmat qiladi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri