Axborot hamkorlarimiz nigohida – Yangi O‘zbekiston
Mazkur ruknda O‘zAning xorijiy axborot hamkorlari sahifalarida e’lon qilinayotgan Yangi O‘zbekistonga oid xabarlar, kuzatuv va baholar berib borilmoqda. Bu jarayon nafaqat chet el media vakillari nuqtai nazarini, balki o‘lkamiz haqidagi haqqoniy tashqi qarashlarni ham umumlashtiradi. Shu tariqa mamlakatimizning taraqqiyot yo‘li, ochiq siyosati va islohotlari xalqaro axborot makonida qanday tahlil qilinayotgani haqida muayyan tasavvur hosil qilish mumkin.
“Anadolu”: O‘zbekistonning ta’lim sohasidagi keng qamrovli islohotlari samara bermoqda

Turkiyaning “Anadolu” axborot agentligi yozishicha, so‘nggi yillarda O‘zbekistonda ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar natijasida oliy ta’lim tizimi izchil rivojlanib, oliy ta’lim muassasalari va talabalar soni barqaror o‘sib bormoqda.
Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, 2025–2026 o‘quv yili yakuniga kelib mamlakatda faoliyat yuritayotgan 207 ta oliy ta’lim muassasasida 1,5 milliondao ortiq talaba tahsil olmoqda. Bu o‘tgan o‘quv yiliga nisbatan 10,6 foiz ko‘pdir.
Maqolada qayd etilishicha, Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan imzolangan oliy ta’lim tizimini rivojlantirishga oid farmonga muvofiq, 2030-yilga qadar talabalar sonini 2 million nafarga yetkazish rejalashtirilgan. Shuningdek, kamida 10 ta O‘zbekiston oliy ta’lim muassasasini dunyoning eng yaxshi 1000 universiteti qatoriga kiritish, axborot texnologiyalari, sun’iy intellekt, tibbiyot va “yashil” energetika kabi sohalarda yetakchi xorijiy universitetlar bilan qo‘shma ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilgan.
Ta’kidlanishicha, mamlakatda dunyoning eng yaxshi 100 talikka kiruvchi universitetlar filiallarini ochishni rag‘batlantirish, xorijiy talabalar sonini besh barobarga oshirish hamda ta’lim eksportidan yiliga 200 million dollar daromad olish ham ustuvor vazifalardan hisoblanadi.
Shuningdek, so‘nggi o‘n yilda mamlakatda 142 ta yangi universitet tashkil etilib, oliy ta’lim muassasalari soni 77 tadan 207 taga yetgan. Ularning 101 tasi davlat, 74 tasi xususiy, 32 tasi esa xorijiy yoki xalqaro universitetlar hisoblanadi. Ushbu muassasalarda jami 46 ming 604 nafar professor-o‘qituvchi faoliyat yuritmoqda.
Universitetlarga qabul darajasi so‘nggi o‘n yilda qariyb 9 foizdan 42 foizgacha oshgani, talabalar soni esa 250 ming nafardan 1,5 million nafarga yetgani qayd etilgan. Xorijiy talabalar soni ham qariyb 20 barobar oshib, 25 ming nafarga yaqinlashganiga ham alohida e’tibor qaratilgan.
Maqolada O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi oliy ta’lim sohasidagi hamkorlik ham kengayib borayotgani ta’kidlangan. Jumladan, o‘lkamizda TOBB ETÜ Toshkent filiali hamda Xalqaro Turkiy davlatlar universiteti faoliyat yuritmoqda.
Nashrga intervyu bergan o‘zbekistonlik mutaxassis Ulug‘bek Qosimbekov mamlakat universitetlar soni va xalqaro hamkorlik ko‘lami jihatidan Markaziy Osiyoning eng yirik oliy ta’lim tizimiga aylanib borayotganini ta’kidlab, sifatga yo‘naltirilgan siyosat va internatsionallashuvni izchil davom ettirish Yangi O‘zbekistonni kelajakda Yevroosiyoning muhim ta’lim markazlaridan biriga aylantirishi mumkinligini bildirgan.
“BTA”: O‘zbekiston Gretsiyaga Aleksandr Makedonskiyga bag‘ishlangan qo‘shma film yaratish loyihasini taklif qildi

Bolgariyaning “BTA” axborot agentligi xabar berishicha, O‘zbekiston Gretsiyaga Aleksandr Makedonskiyga bag‘ishlangan qo‘shma film loyihasini amalga oshirish taklifini bildirdi.
Nashrning ma’lum qilishicha, O‘zbekiston madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov Gretsiyada amaliy tashrif doirasida Gretsiya madaniyat vaziri Lina Mendoni bilan uchrashgan.
Uchrashuv davomida ikki mamlakat tomonidan Aleksandr Makedonskiy hayoti va merosiga bag‘ishlangan qo‘shma madaniy tadbirlar hamda film loyihasini amalga oshirish taklifi ilgari surilgan.
Nashr Aleksandr Makedonskiyning hozirgi O‘zbekiston hududi bilan bog‘liq tarixiy aloqalariga ham to‘xtalgan. Qayd etilishicha, miloddan avvalgi 327 yilda u aynan shu hududda Roksana bilan tanishib, unga uylangan. Roksana So‘g‘diyona poytaxti Samarqanddan bo‘lgan va ularning o‘g‘li Aleksandr IV sarkardaning qonuniy vorisi hisoblangan.
Shuningdek, Samarqand atrofida olib borilgan arxeologik qazishmalar chog‘ida Aleksandr Makedonskiy davriga oid ko‘plab tarixiy artefaktlar topilgani va ular hozirgi kunda shahar muzeyida namoyish etilayotgani qayd etilgan.
“AZERTAJ”: Samarqandda Yosh parlamentchilarning XII global konferensiyasiga tayyorgarlik avjida

Ozarbayjon davlat axborot agentligi “AZERTAJ” xabar berishicha, joriy yil 4–6-sentabr kunlari Samarqand shahrida Parlamentlararo ittifoqning Yosh parlamentchilar XII global konferensiyasi bo‘lib o‘tadi.
Maqolaga ko‘ra, nufuzli anjumanga yuqori saviyada tayyorgarlik ko‘rish va uni muvaffaqiyatli tashkil etish maqsadida O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Narbayeva rahbarligida Tashkiliy qo‘mita yig‘ilishi o‘tkazilgan.
Ta’kidlashicha, mazkur konferensiyani Samarqandda o‘tkazish tashabbusi Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2025-yil aprel oyida Toshkentda bo‘lib o‘tgan Parlamentlararo ittifoqning 150-Assambleyasida ilgari surilgan. Davlatimiz rahbari o‘z nutqida yoshlar siyosati masalalariga alohida e’tibor qaratib, yosh avlodning milliy parlamentlar va Parlamentlararo ittifoq faoliyatida faol ishtirok etishi muhimligini ta’kidlagan. Ushbu taklif Parlamentlararo ittifoqning 180 dan ortiq a’zo davlati tomonidan qo‘llab-quvvatlangan.
Maqolada 2025-yil oktabr oyida Jeneva shahrida bo‘lib o‘tgan Parlamentlararo ittifoqning 151-Assambleyasida O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati hamda Parlamentlararo ittifoq o‘rtasida konferensiyani Samarqandda o‘tkazish to‘g‘risidagi bitim imzolangani qayd etilgan.
Muallifning yozishicha, konferensiya kun tartibidan raqamli transformatsiya sharoitida yoshlar huquqlarini himoya qilish, ularning siyosiy imkoniyatlarini kengaytirish, iqtisodiy huquqlari va bandligini ta’minlash, xotin-qizlar hamda yoshlarga nisbatan zo‘ravonlikning oldini olish masalalari o‘rin olgan. Shuningdek, tadbir doirasida Barqaror rivojlanish maqsadlariga bag‘ishlangan bir oylik kampaniyani o‘tkazish ham rejalashtirilgan.
Dilshod Hakimov, O‘zA