Saraton va og‘ir kasalliklarni erta aniqlash uchun hududlarga yuzlab milliard so‘m ajratiladi
Prezident Shavkat Mirziyoyevning tibbiyot va farmatsevtika sohasi xodimlari bilan uchrashuvi davom etmoqda.
Prezidentimiz oshqozon, yo‘g‘on ichak, prostata bezi va o‘pka saratonini erta aniqlash ishlari Samarqanddan boshlanib, 2028-yildan barcha hududlarda joriy etilishini ma’lum qildi. Bunga yiliga 700 milliard so‘m ajratiladi.
Qandli diabet, sil, yurak-qon tomir kasalliklari, ayollardagi o‘smalar hamda bolalardagi onkogematologik xastaliklarni erta aniqlash dasturlari ham davom ettiriladi.
Andijon, Farg‘ona, Namangan, Samarqand va Toshkent shahrida infarkt va insultni erta aniqlash hamda davolash dasturi natijasida ushbu kasalliklardan erta o‘lim besh oyda 15 foizga kamaydi. Kasallik boshlanishidagi “oltin soat”da 855 nafar inson erta o‘lim va nogironlik asoratlaridan saqlab qolindi. Kelasi yil dasturga 280 milliard so‘m ajratilib, barcha tuman va shaharlar qamrab olinadi.
Aholi uchun kafolatlangan paket ham kengaytiriladi. Kelasi yil bepul dori vositalari turi 73 taga, tibbiy tekshiruvlar turi 36 taga yetkaziladi.
O‘zA