Prezident Shavkat Mirziyoyevning Turkiy davlatlar tashkilotining Anqara sammitidagi nutqidan asosiy fikrlar
–O‘zbekiston ta’sirchan global taraqqiyot markaziga aylanib borayotgan Turkiy davlatlar tashkilotini o‘zaro ishonch va amaliy sheriklik maydoni sifatida ko‘radi;
–Strategik maqsadlar atrofida yanada jipslashib, manfaatlarni xalqaro maydonda birgalikda ilgari surish lozim. TDT mamlakatlari ushbu ezgu yo‘lda yakdil va kuch-g‘ayratini turkiy birdamlik uchun safarbar etishga tayyor;
–Tashkilot doirasida dolzarb xalqaro va mintaqaviy masalalar yuzasidan muntazam siyosiy maslahatlar o‘tkazish, yondashuv va sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirish muhim;
–Uchinchi mamlakatlar bilan “Turkiy davlatlar tashkiloti plyus” formatidagi hamkorlikni sohaviy vazirlar uchrashuvlaridan boshlash taklif etildi;
–Texnologik hamkorlikni chuqurlashtirish, jahon bozoriga birgalikda chiqish imkonini beradigan sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish zarur;
–“Turkiy dunyo – 100” – yuzta strategik qo‘shma investitsiya va sanoat loyihasini qamrab oladigan dasturni qabul qilish taklif etildi;
–Nodir va strategik minerallarni to‘liq qayta ishlash, “yashil” energetika uskunalari ishlab chiqarishni mahalliylashtirish, yuqori daromadli mahsulotlar tayyorlashga ustuvor ahamiyat qaratish maqsadga muvofiq;
–“Tijorat ishlari bo‘yicha o‘zaro huquqiy yordam ko‘rsatish to‘g‘risida”gi ko‘p tomonlama shartnomani ishlab chiqish lozim;
–“Turkiy davlatlar logistika komplekslari tarmog‘i”ni tashkil etish va uni birgalikda boshqarish taklifi bildirildi;
–Turkiy xalqlarning tarixiy shaharlari, betakror tabiati, boy madaniyati va mehmondo‘stlik an’analarini dunyoga birgalikda taqdim etish maqsadida “Turkiy turizm alyansi”ni tashkil qilish tashabbusi ilgari surildi;
–Fuqarolarning o‘zaro safarlari to‘g‘risida ko‘p tomonlama bitimni ishlab chiqish taklif etildi. Unda ID-kartalar asosida safar qilish imkoniyatlarini kengaytirish, chegaradan o‘tish va mezbon davlat hududida bo‘lish tartibini soddalashtirish masalalari aks etishi lozim;
–Mamlakatimiz “Yangi O‘zbekiston” stipendiyasi doirasida turkiy davlatlar vakillariga har yili 200 ta ta’lim granti ajratishga tayyor;
–2027-yilni tashkilot doirasida “Tabiatni asrash yili” deb e’lon qilish bo‘yicha tashabbus hamda O‘zbekiston vakilining nomzodi Bosh kotib lavozimiga qo‘llab-quvvatlangani uchun minnatdorlik bildirildi;
–"Anqara sammiti olijanob maqsadimiz, birdamlik g‘oyamiz va ulug‘vor rejalarimizga erishish yo‘lida muhim qadam bo‘ladi";
–“Barchamizning orzu-istaklarimiz va intilishlarimiz mushtarak. Biz bir bo‘lsak, yanada qudratlimiz. Hamjihat bo‘lsak, yanada yuksak marralarga albatta erishamiz”.
O‘zA