O‘zbekistonda qabul qilingan hujjat BMT darajasidagi hujjat maqomini oldi
Inson huquqlari bo‘yicha V Samarqand forumining «Samarqand nigohi - 2040: inson qadr-qimmati, tenglik va barqaror taraqqiyot yo‘lidagi global hamkorlik» nomli yakuniy hujjati BMT Bosh Assambleyasi 81-sessiyasining rasmiy hujjati maqomiga ega bo‘ldi.
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi matbuot xizmati rahbari G‘ulom Mirzayev shu haqda so‘zlab berdi:
– Bu voqea, bir tomondan, “Samarqand ruhi”ning navbatdagi xalqaro e’tirofi bo‘lsa, ikkinchi tomondan, Samarqand forumining yakuniy hujjatida aks etgan dolzarb vazifalarni bajarish imkoniyatlarini tubdan kengaytirishi bilan g‘oyat ahamiyatlidir.

BMTning A/81/444-raqamli ayni hujjati nufuzli xalqaro tashkilot ish olib boradigan 6 ta rasmiy tilga o‘girildi va e’lon qilindi. Bu, o‘z navbatida, ushbu hujjatning dunyo miqyosida keng tarqalishiga xizmat qiladi.
Mazkur hujjatda inson huquqlari va barqaror rivojlanish sohasidagi xalqaro va mintaqaviy hamkorlikning uzoq muddatli yo‘nalishlari, jumladan, xalqaro standartlarni amaliyotga joriy etish, tengsizlikni kamaytirish, inklyuziya va teng imkoniyatlarni ta’minlash, raqamli va tabiiy muhitda inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha istiqboldagi dolzarb hamda muhim vazifalar belgilangan.
Hujjatda ta’kidlanganidek, biz 2040-yilga borib, xalqaro shartnomalar va universal standartlarda mustahkamlangan inson huquqlari har bir insonning kundalik hayotida samarali hurmat qilinadigan, himoya qilinadigan va amalga oshiriladigan dunyo sari yanada sezilarli taraqqiyotni ko‘rishga intilamiz.
Shu munosabat bilan xalqaro inson huquqlari tizimi universallik va tenglik; xalqaro huquq va standartlarni milliy miqyosda joriy etish; ijtimoiy adolat hamda qashshoqlik va tengsizlikni kamaytirish; inklyuzivlik va teng imkoniyatlar; raqamli va tabiiy muhitda inson huquqlarini himoya qilish; mojaro va inqiroz vaziyatlarida inson qadr-qimmatini himoya qilish; xalqaro birdamlik va ko‘p tomonlama hamkorlik asosida mustahkamlanishi lozim.
«Samarqand nigohi - 2040» hujjatining asosiy tamoyillari va ustuvor yo‘nalishlari doirasidagi muhim vazifalar ijrosini monitoring qilib borish maqsadida indikatorlar tizimini ishlab chiqish, hamkorlik uchun Samarqand raqamli platformasini yaratish bo‘yicha maslahatlashuvlar o‘tkazish, hujjat qoidalarini milliy strategiyalar va rejalarda hisobga olish, ixtiyoriy ravishda axborot va tajriba almashish ko‘zda tutilgan.
Aytib o‘tish kerakki, Samarqand forumiga bag‘ishlangan 200 tadan ortiq axborot, shu jumladan, xalqaro ekspertlarning chiqishlari, yuqori darajadagi uchrashuvlar, mavzuli muhokamalar, ilgari surilgan tashabbuslar hamda erishilgan natijalarga oid materiallar milliy va xorijiy ommaviy axborot vositalarida 8 tilda e’lon qilindi.
Jumladan, 9 ta teleko‘rsatuv va 7 ta radioeshittirish bevosita forum tafsilotlariga bag‘ishlandi. Bu borada milliy ommaviy axborot vositalaridan – O‘zbekiston Milliy axborot agentligi (O‘zA), «Dunyo» axborot agentligi, «Xalq so‘zi», «Yangi O‘zbekiston», «Pravda Vostoka», Gazeta.uz, UzDaily kabi nufuzli nashrlar peshqadam bo‘ldi.
Forumni Misrning El-Dameer va Al-Diplomasy, Koreya Respublikasining Korea Post, Turkmanistonning Arzuw NEWS va Turkmenportal, shuningdek, Terra News, Sputnik Uzbekistan singari xorijiy ommaviy axborot vositalari izchil yoritdi.
N.Abduraimova, O‘zA