Sambochilar jahon chempionatiga tayyorlanmoqda
Avval xabar berganimizdek, joriy yilning 12-14 noyabr kunlari poytaxtimizda sambo bo‘yicha kattalar o‘rtasidagi jahon chempionati bo‘lib o‘tadi.
Mazkur chempionat oldidan yurtimiz sambochilari Chirchiq shahrida so‘nggi o‘quv-mashg‘ulot yig‘inini o‘tkazmoqda.
Mukofot jamg‘armasi 231 ming dollar bo‘lgan mazkur nufuzli musobaqada dunyoning 70 dan ziyod davlatlari sportchilari qatnashishi kutilmoqda. Unda munosib ishtirok etish uchun barcha terma jamoalar o‘z dasturlari asosida tayyorgarlik ko‘rmoqda.

Chirchiqda terma jamoamizning kengaytirilgan tarkibi bilan o‘tkazilayotgan yig‘inga joriy yilning 2 noyabridan sambo bo‘yicha Ukraina terma jamoasi a’zolari ham qo‘shiladi. Ikki davlat sportchilari hamkorligidagi qo‘shma mashg‘ulotlar jahon chempionati boshlangunga qadar davom etadi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA