Samarqand va Navoiyda “Iskandar Zulqarnayn izlaridan” nomli xalqaro marafon o‘tkaziladi
Hozirgi kunda mamlakatimizda sport turizmi jadal rivojlanayotgan yo‘nalishlardan biriga aylangan. Bu boradagi navbatdagi muhim qadamlardan biri Samarqand va Navoiy viloyatlari hududini qamrab oluvchi, tarixiy mazmun bilan yo‘g‘rilgan yirik marafonning tashkil etilishi bo‘ladi. 25-apreldan start oladigan ushbu 7 kunlik marafon ishtirokchilardan nafaqat jismoniy tayyorgarlik, balki kuchli iroda va chidamlilikni talab qiladi.
Marafon yo‘nalishi Samarqand viloyatining Qo‘shrabot tumani hamda Navoiy viloyatining Nurota va Konimex tumanlarini qamrab oladi. Ushbu tumanlar o‘zining cho‘l, tog‘ va keng tekisliklari bilan ekologik turizm uchun g‘oyat qulay. Ishtirokchilar yo‘l davomida nafaqat tabiat manzalaridan bahra oladilar, balki mintaqadagi muqaddas qadamjolar va qadimiy obidalar bilan tanishish imkoniga ega bo‘ladi.
Marafonning “Iskandar Zulqarnayn” deb nomlanishi ham bejiz emas. Buyuk sarkarda Iskandar Zulqarnaynning Markaziy Osiyo bo‘ylab yurishlari aynan shu kengliklar bilan bog‘liq. Marafon nomining o‘ziyoq xorijiy sayyohlarning qiziqishini oshirishga xizmat qiladi.
“Iskandar Zulqarnayn izlaridan” xalqaro marafoni O‘zbekistonning sport va turizm chorrahasidagi yangi qiyofasini belgilab beradi. Marafon tarix, tabiat va inson irodasini namoyon etadi. Bunday tadbirlarning muntazam o‘tkazilishi kelajakda yurtimizni jahon sport turizmi xaritasidagi eng jozibador nuqtalardan biriga aylantirishi shubhasiz.
Dildora DO‘SMATOVA,
O‘zA