Salomatlikka e’tibor mahalladan boshlanadi
Kasallikni davolashdan ko‘ra, uni barvaqt aniqlash va oldini olish samaraliroq. Buning uchun tibbiy xizmat aholi izlab boradigan emas, balki insonga yaqinlashadigan tizimga aylanishi muhim. Sirdaryoda amalga oshirilayotgan 1 milliard 250 million so‘mlik ijtimoiy loyiha ana shu maqsadda tibbiy yordamni mahallaga, mahalla orqali har bir xonadonga yaqinlashtirishga xizmat qiladi.
Mazkur loyiha Sayxunobod, Mirzaobod va Sardoba tumanlarida tibbiy xizmat sifatini oshirish, tibbiyot muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash hamda patronaj xizmatini aholiga yanada yaqinlashtirishni ko‘zda tutadi.
Loyiha O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi. 2026-yil 19-avgustdagi 01-10/90-sonli Parlament komissiyasi qarori asosida o‘tkazilgan tanlovda «O‘zbekiston Mehr-shafqat va salomatlik jamoat fondi»ning Sirdaryo viloyati hududiy bo‘limi o‘z loyihasi bilan ishtirok etib, g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. E’tiborli jihati shundaki, belgilangan maqsad va vazifalarni fondning Sirdaryo viloyati hududiy bo‘limi amalga oshiradi.
Loyiha doirasida tibbiy diagnostika imkoniyatlarini kengaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, Sayxunobod tuman tibbiyot birlashmasining laboratoriya uskunalari to‘liq yangilanadi. Mirzaobod va Sardoba tuman tibbiyot birlashmalari uchun esa bir donadan, jami ikki dona zamonaviy raqamli rentgen apparati xarid qilinib, o‘rnatiladi.
Zamonaviy uskunalarning joriy etilishi kasalliklarni aniqlash jarayonini tezlashtirish, tashxis qo‘yish sifatini oshirish va bemorlarga zarur tibbiy yordamni o‘z vaqtida ko‘rsatish uchun qulay sharoit yaratadi.

Tibbiy xizmatni xonadonlarga yaqinlashtirish esa loyihaning yana bir muhim yo‘nalishidir. Patronaj tizimini kuchaytirish maqsadida порtaтив EKG apparatlari, glyukometrlar hamda birinchi yordam tibbiy jihozlari to‘plamlari xarid qilinadi. Bu orqali patronaj hamshiralari aholi xonadonlarida zarur ko‘riklarni o‘tkazish, salomatlik holatini kuzatish va xavf omillarini erta aniqlash uchun zarur vositalarga ega bo‘ladi.
Ayniqsa, olis mahallalarda bunday yondashuvning ahamiyati katta. Zero, tibbiy xizmatning insonga yaqinlashishi vaqt va ovoragarchilikni tejash bilan birga, salomatlik bilan bog‘liq muammolarni barvaqt aniqlash, profilaktik ishlarni kuchaytirish va aholiga o‘z vaqtida yordam ko‘rsatish uchun mustahkam zamin yaratadi.

Sardoba tumanida patronaj xizmatining harakatchanligini oshirish maqsadida hamshiralar uchun 4 ta elektroskuter xarid qilinishi rejalashtirilgan. Bu vositalar patronaj hamshiralarining olis mahallalar va xonadonlarga borib, tibbiy-profilaktik xizmat ko‘rsatishini yanada qulaylashtiradi.
Loyihaning e’tiborga molik jihatlaridan yana biri — aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishdir. Bunda bemorlarning holatini kuzatish bilan bir qatorda, kasalliklarning oldini olish, to‘g‘ri ovqatlanish, jismoniy faollik va salomatlikka mas’uliyatli munosabatni shakllantirishga qaratilgan tushuntirish ishlari ham olib boriladi.
— Aholi salomatligini muhofaza qilishda eng muhimi — muammoni o‘z vaqtida ko‘ra bilish va unga yechim topish. Shu bois tibbiy-profilaktik xizmatlarni mahallalar va xonadonlarga yanada yaqinlashtirish, kasalliklarni erta aniqlash hamda patronaj xizmati samaradorligini oshirishni ustuvor vazifa sifatida belgilaganmiz, — deydi fondning Sirdaryo viloyati hududiy bo‘limi rahbari Saltanat Karimova.
Darhaqiqat, tibbiyot muassasalarini zamonaviy uskunalar bilan jihozlashning o‘zi kifoya emas. Ularning imkoniyatlaridan samarali foydalanish, tibbiy xizmatni aholiga yaqinlashtirish, profilaktik ko‘riklarni kuchaytirish va kasalliklarni dastlabki bosqichda aniqlash ham muhim. Loyihada diagnostika, patronaj va sog‘lom turmush tarzi targ‘ibotining uyg‘unlashtirilgani ham ana shu maqsadga xizmat qiladi.
Eng muhimi, tibbiy xizmatning mahallaga kirib borishi inson salomatligiga e’tiborni kundalik hayotning bir qismiga aylantirish imkonini beradi. Profilaktika va erta tashxisni kuchaytirish orqali og‘ir xastaliklarning oldini olish, inson hayoti va salomatligini asrash, sifatli tibbiy yordamni har bir xonadonga yanada yaqinlashtirish uchun mustahkam zamin yaratiladi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri