Rulda emas, piyoda: bir kunlik ekologik tanlov
Bugun turmush tarzimizni avtomobillarsiz tasavvur qilish qiyin. Avtomobil insonga vaqt tejash imkonini beradi, masofani qisqartiradi.
Ammo bu qulaylikning ekologik va ijtimoiy qiymati ham bor. Avtomobillar soni ko‘paygani sari havoning ifloslanishi, tirbandlik, shovqin va yo‘l-transport hodisalari bilan bog‘liq xavflar ham tobora ortib boradi.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, transport havo ifloslanishining muhim manbalaridan biri bo‘lib, avtomobil chiqindilari tarkibidagi mayda zarrachalar, azot dioksidi va boshqa ifloslantiruvchilar inson salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Transport bilan bog‘liq havo ifloslanishi yurak-qon tomir va nafas olish tizimi kasalliklari xavfini oshiradi. Ayniqsa, yirik shaharlarda havo sifatiga sezilarli ta’sir qiladi. Dvigateldan chiqadigan gazlardan tashqari, tormoz va shinalarning yeyilishi, yo‘l changi kabi omillar ham havodagi zararli zarrachalar miqdoriga hissa qo‘shadi. Shuningdek, transport shovqini insonning kundalik hayoti va dam olishiga ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Avtomobillar nafaqat ekologik muammolarni keltirib chiqaradi, balki yo‘l harakati xavfsizligi ham dolzarb masala. Ma’lumotlarga ko‘ra, yo‘l-transport hodisalarida har yili dunyoda millionlab insonlar jabr ko‘radi. Shu bois dunyoda avtomobil harakatini qisqa muddatga cheklash orqali jamoatchilik e’tiborini ekologik toza transportga qaratish tashabbuslari paydo bo‘lgan. Masalan, 22-sentabr — Butunjahon avtomobilisiz kun sifatida nishonlanadi. Bu kunda odamlarni shaxsiy avtomobildan voz kechib, jamoat transportidan foydalanish, piyoda yurish yoki velosipedda harakatlanishga undash maqsad qilinadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 25-martdagi “Atmosfera havosi sifatini yaxshilashga qaratilgan “Toza havo” umummilliy loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq, har oyning 10 va 25 sanalarida “Avtomobilsiz kun” hamda “Avtomobilsiz hafta” aksiyalari o‘tkazib kelinmoqda. “Avtomobilsiz kun” va “Avtomobilsiz hafta” aksiyalari doirasida davlat tashkilotlari xodimlari xizmat hamda shaxsiy avtomobillaridan voz kechib, jamoat transporti, velosiped kabi vositalardan foydalanadi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi hamda hududiy bosh boshqarmalar xodimlari ham aksiya doirasida xizmat hamda shaxsiy avtomobillaridan voz kechib, jamoat transporti, velosiped kabi vositalardan foydalandi. Natijada aksiya boshlanganidan beri Qo‘mita hamda hududiy bosh boshqarmalar xodimlarining 1730 dan ortiq xizmat hamda shaxsiy avtotransport vositalaridan foydalanishi cheklandi hamda atmosferaga zararli tashlamalar miqdori o‘rtacha 17 370 kg.ga qisqartirildi. Shuningdek, shahar ichidagi tirbandliklar kamaydi.

Avtomobildan vaqtincha voz kechish insonning o‘zi uchun ham foydali. Piyoda yurish jismoniy faollikni oshiradi, bu esa yurak-qon tomir salomatligi va umumiy farovonlik uchun muhim. JSST piyoda yurish va velosipeddan foydalanish nafaqat chiqindilarni kamaytirishga, balki jismoniy faollikni oshirishga ham xizmat qilishini ta’kidlaydi. To‘g‘ri, avtomobildan butunlay voz kechish har bir inson uchun ham, har bir shahar uchun ham oson emas. Ayniqsa ish, oilaviy sharoit yoki masofa sababli shaxsiy transport zarur bo‘lgan holatlar ko‘p. Shuning uchun masala avtomobilni butunlay rad etishda emas, balki undan oqilona foydalanish, jamoat transportini rivojlantirish va piyodalar hamda velosipedchilar uchun qulay infratuzilma yaratishdadir.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA