Rossiya vaziri Afg‘onistondagi boshqaruv tizimini yuqori baholadi
Moskvada Afg‘oniston bo‘yicha maslahatlashuvning sakkizinchi yig‘ilishi ochilishida Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Afg‘oniston hukumati mamlakat hududini to‘liq nazoratga olgani va muvaffaqiyatli boshqarayotganini ta’kidladi. Mulozim qayd etishicha, Kobuldagi xavfsizlik kuchlari turli terror guruhlarga qarshi “ayovsiz” kurash olib bormoqda.
Natijada yuzlab jangari yo‘q qilinib, chet el fuqarolari va diplomatik missiyalarga qarshi rejalashtirilgan qator yirik terror xurujlarining oldi olingan. Shu bois Rossiya Kobulga moddiy-texnik, ekspertlik va maxsus xizmat orqali ko‘mak berib, mamlakatning aksil terror salohiyatini yanada oshirish zarur, deb hisoblaydi.
G‘arb davlatlari inson huquqi bilan bog‘liq holatni bahona qilib, Afg‘onistonni xalqaro moliya tizimidan uzib, milliy bank aktivini muzlatib qo‘yganiga qaramay, ushbu davlat iqtisodiyoti rivojlanishda davom etyapti. Lavrovning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatda soliq tizimida va korrupsiyaga qarshi islohot o‘tkazilib, sanoat jonlantirildi, 170 ga yaqin yangi ishlab chiqarish korxonasi ochildi, elektr energetikasini rivojlantirish bo‘yicha besh yillik reja ishlab chiqildi. Shuningdek, 100 dan ziyod davlat bilan tashqi savdo miqdori o‘tgan yil 14 milliard dollarga yetdi, mamlakat TAPI – Turkmaniston, Afg‘oniston, Pokiston Hindiston gaz quvuri kabi yirik mintaqaviy loyihalarga sodiqligini tasdiqladi.
Moskva Afg‘oniston va qo‘shni davlatlar hududida NATO harbiy infratuzilmasi joylashtirilishini mutlaqo qabul qilib bo‘lmaydigan holat, deb hisoblaydi. Lavrov tarixiy tajriba bunday harbiy ishtirok faqat beqarorlik va mojaro kuchayishiga olib kelishini alohida uqtirdi. Shu bilan birga Rossiya Afg‘onistonga muntazam insonparvarlik yordami ko‘rsatishda davom etishi, navbatdagi yordam to‘plami yaqin bir-ikki oy ichida manzilga yetkazilishiga urg‘u berdi.
Afg‘oniston, Hindiston, Eron, Qozog‘iston, Xitoy, Qirg‘iziston, Pokiston, Rossiya, Tojikiston va O‘zbekiston vakillari ishtirok etayotgan ushbu tadbir oldidan Lavrov Afg‘oniston TIV rahbari Amir Xon Muttaqiy bilan yopiq eshik ortida uchrashuv ham o‘tkazdi.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA