Rossiya va Ukraina o‘rtasida o‘zaro yirik havo zarbalari amalga oshirildi
RF Ukrainaga urush boshlangandan buyon eng yirik havo hujumini amalga oshirdi. Kiyev esa javob zarbasi bilan Rossiyaning strategik ob’ektlarini nishonga oldi. Tomonlar o‘rtasidagi ziddiyat yana keskinlashmoqda.
Bu haqda “The Times of India” xabar bergan. Nashr ma’lumotiga ko‘ra, tungi amaliyot davomida Ukrainaga jami 70 raketa, 611 dron yo‘naltirilgan. Ukraina havo mudofaasi kuchlari raketalarning 50 tasini, 582 dronni yo‘q qilgan. RF Mudofaa vazirligi bildirishicha, asosan Kiyev, Xarkov va Dnepr shaharlarida joylashgan harbiy-sanoat hamda aviatsiya ob’ektlari nishonga olingan va belgilangan barcha nishonlar muvaffaqiyatli urilgani da’vo qilingan.
O‘z navbatida Ukraina ham raqib strategik ob’ektlariga javoban zarba amalga oshirgan. Prezident Vladimir Zelenskiy ma’lum qilishicha, tunda Yaroslavl neftni qayta ishlash zavodi hamda Tula viloyatidagi portlovchi moddalar ishlab chiqaruvchi yirik “Azot” kimyo kombinati ko‘zlangan. Moskvadagi rasmiylar ham dron hujumini tasdiqlab, Yaroslavldagi yonilg‘i omborida kuchli yong‘in yuz berganini tan olgan.
Zelenskiy ta’kidlashicha, uzoq masofaga yo‘llangan ushbu zarbalarni Rossiya urushni tugatish bo‘yicha sa’y-harakatni rad etishiga javob sifatida baholash mumkin.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA