“Roma” Eldor Shomurodov bilan shartnomani uzaytirdi
O‘zbekiston milliy terma jamoasi sardori va so‘nggi uchrashuvlarda “Roma” jamoasi xaloskoriga aylanayotgan Eldor Shomurodov Rim klubi bilan shartnomani yana bir yilga uzaytirdi.
Gap shundaki, “Roma” Eldor Shomurodov bilan hamkorlikni yangi talablar asosida mustahkamlab qo‘ydi. Yangi shartnomaga ko‘ra, hujumchimizning maoshi avvalgisidan pasaytiriladi va bitim muddati 2027 yilning yoziga qadar uzaytiriladi. Bu esa klub uchun maoshlar fondini qisqartirish va moliyaviy bosimlarni kamaytirishga o‘z hissasini qo‘shadi. Eldorning ushbu klubda yillik maoshi 1,3 million yevroni tashkil qilar edi. Yangi shartnomaga ko‘ra, endi futbolchimiz 1 million yevro oladigan bo‘ldi.
Ma’lumot o‘rnida: Eldor Shomurodov 2020 yilning oktyabrida Rossiya Premer-ligasi vakili “Rostov” safidan Italiyaning eng qadimiy klubi “Jenoa”ga ko‘chib o‘tgan edi. Debyut mavsumidan keyin “Roma” o‘zbek hujumchisini o‘z tarkibiga qo‘shib oldi.
Transfermarkt portaliga ko‘ra, legionerimiz transferi poytaxtliklarga 19,6 million yevroga tushgan. Eldor avvalgi mavsumlarda ijara asosida “Spetsiya” va “Kalyari” jamoalarida ham o‘ynab keldi.
E.Shomurodov o‘tgan vaqt mobaynida A Seriyada bugunga qadar 122 ta uchrashuvda maydonga tushib, raqiblar darvozasini 18 marotaba ishg‘ol qildi va o‘n bir marta gollarga assistent bo‘ldi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA