Raqobat va iste’molchi huquqlari yo‘lida muhim qadam
“O‘zbekiston – 2030” strategiyasi doirasida mamlakatimizda sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish, monopoliyalarning oldini olish va iste’molchilar huquqlarini ishonchli himoya qilish ustuvor vazifalardan biri etib belgilangan.
Bu borada Qoraqalpog‘iston Respublikasida ham keng ko‘lamli ishlar oshirilmoqda. 2026-yilning birinchi choragida qo‘mita tomonidan amalga oshirilgan ishlar ana shu maqsadlarga xizmat qildi. Jumladan, qo‘mita faoliyati amaldagi Qonun, farmon va qarorlar asosida tashkil etilib, bozor iqtisodiyoti tamoyillarini mustahkamlashga qaratildi.
O‘tgan yil yakuni bo‘yicha davlat va korporativ buyurtmachilar tomonidan o‘tkazilgan boshlang‘ich qiymati 230 milliard so‘mdan ortiq 800 ga, 2026-yilning I-choragida boshlang‘ich qiymati 17,2 milliard so‘mlik 290 ga yaqin tanlov (tender) savdosida tahlil ishlari olib borildi. Shundan, 2025-yil davomida 700 ga yaqin savdo jarayonida 1 ming 400 dan ortiq, 2026-yil I-choragida 300 ga yaqin savdo jarayonida 500 dan ortiq raqobatga zid harakat aniqlandi.
Shuningdek, joriy yilning I-choragida qonun buzilishi holatlari aniqlangan 300 ga yaqin xaridning 62 tasi bo‘yicha huquqni muhofaza qilish organlariga ma’lumotnoma taqdim etilgan bo‘lsa, 200 ta xarid yuzasidan hududiy organ tomonidan 4 ta ish qo‘zg‘atildi. Natijada 2 nafar mansabdor shaxsni ma’muriy javobgarlikka tortish yuzasidan qaror qabul qilindi.
Bozor konsentratsiyasini nazorat qilish sohasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 6-iyuldagi “Raqobat muhitini yanada rivojlantirish va iqtisodiyotdagi davlat ishtirokini qisqartirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq davlat ishtirokidagi xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarini va xo‘jalik faoliyatini amalga oshirish vakolati berilgan davlat muassasalarini tashkil etishga (qayta tashkil etishga) monopoliyaga qarshi organning oldindan roziligini olish yuzasidan 2025-yil davomida 3 ta va 2026-yilning I-choragida 1 ta murojaat o‘rganib chiqilib, tegishli tartibda javob xati berildi.
2026-yilning I-choragida 6 ta shahar va tuman hokimligi hamda 3 ta davlat boshqaruv organi tomonidan qabul qilingan 8 mingdan ortiq hujjati xatlovdan (ex-post) o‘tkazilgan. O‘rganish yakunlariga ko‘ra, 90 ta hujjatda raqobatga zid holat aniqlanib, 8 ta davlat boshqaruv organi va mahalliy hokimlikka taqdimnoma kiritildi.
Tovar xomashyo birja savdolarida yuqori likvidli va monopol turdagi mahsulotlar realizatsiya qilinishi jarayonlari o‘rganilishi natijasida 2025-yil davomida 8 ta, 2026-yil I-choragi davomida 3 ta holatda manipulyatsiya va qonunchilik talabi buzilishi holati aniqlandi. Mazkur holatlar yuzasidan belgilangan tartibda ishlar qo‘zg‘atilib, tegishli choralar ko‘rildi.
Reklama qonunchiligiga rioya etilishi yuzasidan nazorat tadbirlari doirasida 100 dan ortiq tekshirish ishlari amalga oshirildi. Shundan 43 ta holatda ish qo‘zg‘atilib, 21 ta holat bo‘yicha tegishli ta’sir choralari ko‘rildi. Joriy yilning I-choragida tashqi reklama ob’ektlari bo‘yicha xatlov ishlari davom ettirilib, 200 ga yaqin o‘rganish o‘tkazildi va tegishli tartibda ogohlantirishlar berildi.
Xulosa qilib aytganda, Qoraqalpog‘iston Respublikasida amalga oshirilayotgan bu kabi ishlar sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish, bozorlarda teng sharoit yaratish va iste’molchilar manfaatlarini himoya qilishda muhim ahamiyat kasb etadi. Kelgusida ham raqobat siyosatini takomillashtirish, bozorlarni liberallashtirish va xususiy sektor ulushini oshirish orqali hududning iqtisodiy faolligini yanada oshirish ko‘zda tutilgan.
Bekzod Ismailov,
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Raqobatni
rivojlantirish va iste’molchilarning
huquqni himoya qilish qo‘mitasi raisi
O‘zA.