Islom taraqqiyot banki bilan agrar sohadagi hamkorlik kengaymoqda
Qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Alisher Shukurov Islom taraqqiyot banki vakillari bilan uchrashdi. Unda agrar sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish hamda ikki tomonlama hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Muloqot davomida “O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalashni rivojlantirish” loyihasi doirasida amalga oshiriladigan ustuvor vazifalar atroflicha ko‘rib chiqildi.

Xususan, zamonaviy va energiya tejamkor qishloq xo‘jaligi texnikalarini xarid qilish, fermer xo‘jaliklari va klasterlarning texnik salohiyatini oshirish, xizmat ko‘rsatish tizimini takomillashtirish hamda ilg‘or texnologiyalarni joriy etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, loyiha doirasida texnikalardan samarali foydalanish, mexanizator va mutaxassislar malakasini oshirish, sohaga innovatsion yechimlarni keng tatbiq etish bo‘yicha ham fikr almashildi.

Tomonlar loyiha ijrosini samarali tashkil etish, moliyaviy mexanizmlarni takomillashtirish hamda istiqboldagi hamkorlik yo‘nalishlari yuzasidan o‘z takliflarini bildirib o‘tdi.
Uchrashuvda qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash orqali ishlab chiqarish samaradorligini oshirish, resurslardan oqilona foydalanish va agrar tarmoqning raqobatbardoshligini kuchaytirish borasidagi hamkorlikni izchil davom ettirish muhim ekani ta’kidlandi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA