Raqamli arxiv – shaffof boshqaruv va korrupsiyasiz tizim sari muhim qadam
Mamlakatimizda Yangi O‘zbekistonni barpo etish jarayonida davlat boshqaruvini raqamlashtirish, davlat xizmatlari sifatini oshirish, ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash hamda korrupsiyaga qarshi murosasiz kurashish ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilangan. Bu yo‘nalishda barcha davlat organlari qatori arxiv sohasida ham keng qamrovli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Arxivlar davlat va jamiyatning tarixiy xotirasini saqlovchi, fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etuvchi muassasalar hisoblanadi. Arxiv hujjatlarining haqqoniyligi, butligi va ishonchli saqlanishi davlat boshqaruvining samaradorligi hamda jamoatchilik ishonchini mustahkamlashda muhim o‘rin tutadi.
Bugungi kunda korrupsiyaga qarshi kurashish faqat huquqbuzarliklarni aniqlash bilan cheklanmaydi. Asosiy e’tibor korrupsiyaning kelib chiqish sabablari va shart-sharoitlarini bartaraf etishga qaratilmoqda. Buning eng samarali vositalaridan biri esa davlat boshqaruvida raqamli texnologiyalarni keng joriy etish hisoblanadi.
Shu nuqtai nazardan, 2026-yil 30-iyunda qabul qilingan Vazirlar Mahkamasining 352-son qarori arxiv sohasidagi eng muhim huquqiy hujjatlardan biri bo‘ldi. Mazkur qaror bilan davlat organlari va tashkilotlarining arxiv hujjatlarini Yagona milliy arxiv axborot tizimida elektron shaklda saqlash tartibi tasdiqlandi.
Ushbu qaror arxiv hujjatlarini yaratishdan tortib, ularni hisobga olish, saqlash, qidirish va davlat arxivlariga topshirishgacha bo‘lgan jarayonlarni zamonaviy axborot texnologiyalari asosida tashkil etishga xizmat qiladi. Bu esa arxiv sohasida yagona yondashuvni shakllantirish, ma’lumotlar xavfsizligini ta’minlash va ish jarayonlarini avtomatlashtirish imkonini yaratadi.
Qarorga muvofiq, davlat organlari va tashkilotlari arxiv ishlarini Yagona milliy arxiv axborot tizimi orqali yuritishga bosqichma-bosqich o‘tadi. Tizim elektron raqamli imzo, shaxsni identifikatsiya qilish vositalari va boshqa davlat axborot tizimlari bilan integratsiya qilinadi. Bu esa arxiv hujjatlarining haqiqiyligi, yaxlitligi va xavfsizligini ta’minlash bilan bir qatorda xizmatlarning tezkorligi va qulayligini ham oshiradi.
Eng muhimi, mazkur islohot korrupsiya xavflarini sezilarli darajada kamaytiradi. Ilgari qog‘oz hujjatlar bilan ishlashda uchrashi mumkin bo‘lgan sub’ektiv yondashuvlar, ortiqcha byurokratik jarayonlar va inson omili bilan bog‘liq xavflar raqamli boshqaruv orqali minimallashtiriladi. Hujjatlarning har bir harakati elektron tarzda qayd etilishi, barcha amallarning log-fayllarda saqlanishi va nazorat qilinishi shaffoflik hamda hisobdorlikni ta’minlaydi.
Shu bilan birga, raqamli arxiv tizimi fuqarolar va tashkilotlarga ko‘rsatiladigan arxiv xizmatlarining sifati hamda tezkorligini yanada oshiradi. Elektron so‘rovlarni qabul qilish, ma’lumotnomalarni qisqa muddatlarda rasmiylashtirish, arxiv ma’lumotlaridan qonuniy asosda masofadan turib foydalanish imkoniyatlari davlat xizmatlarini zamonaviy talablar asosida tashkil etishga keng imkoniyat yaratadi.
Albatta, har qanday axborot tizimining samaradorligi, avvalo, uni boshqaruvchi kadrlarning halolligi va mas’uliyatiga bog‘liq. Shu bois arxiv sohasi xodimlari tomonidan xizmat odobi qoidalariga qat’iy rioya qilish, manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymaslik, qonun ustuvorligini ta’minlash va korrupsiyaga nisbatan mutlaqo murosasiz munosabatda bo‘lish bugunning eng muhim vazifalaridan biri hisoblanadi.
Arxiv sohasini raqamlashtirish nafaqat hujjatlarni saqlashning zamonaviy tizimini yaratadi, balki davlat boshqaruvida ochiqlik, shaffoflik va hisobdorlikni ta’minlashning muhim mexanizmiga aylanadi. Bu esa mamlakatimizda korrupsiyasiz muhitni shakllantirish, davlat xizmatlariga bo‘lgan ishonchni mustahkamlash va fuqarolar manfaatlarini ishonchli himoya qilishga xizmat qiladi.
Prezidentimiz ta’kidlaganidek, korrupsiyaga qarshi kurashish barcha davlat organlari va har bir davlat xizmatchisining ustuvor vazifasi bo‘lib, ushbu illatga qarshi eng samarali choralardan biri raqamli boshqaruv va inson omilini qisqartirishdir. Arxiv sohasida amalga oshirilayotgan raqamli transformatsiya ana shu ezgu maqsadlarni ro‘yobga chiqarishga qaratilgan muhim amaliy qadamdir.
Xulosa qilib aytganda, Vazirlar Mahkamasining 352-son qarori arxiv sohasini rivojlantirishda yangi bosqichni boshlab berdi. Mazkur qaror orqali arxiv hujjatlarini elektron shaklda saqlash va boshqarish tizimi joriy qilinishi sohada shaffoflik, tezkorlik, axborot xavfsizligi va korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha mutlaqo yangi imkoniyatlarni yaratadi. Bu islohotlarni hayotga to‘liq tatbiq etish har bir arxiv muassasasi va arxivchining muhim vazifasi hisoblanadi.
Zero, halol arxivchi – ishonchli hujjatlar kafolati, raqamli arxiv esa shaffof davlat boshqaruvining mustahkam poydevoridir.
Dilshodjon Mallayev,
Farg‘ona viloyati arxiv ishi hududiy boshqarmasi boshlig‘i.
O‘zA