Energiya resurslaridan noqonuniy foydalanish davlatga 462,4 milliard so‘m zarar keltirdi
Energetika sohasida joriy yilning dastlabki olti oyida o‘tkazilgan nazorat tadbirlari davomida energiya resurslaridan noqonuniy foydalanish bilan bog‘liq 1 ming 837 ta qonunbuzarlik holati fosh etildi. Bu haqda "O‘zenergoinspeksiya" axborot xizmati rahbari Navro‘z Norboboyev ma’lum qildi.
Tekshiruvlar natijasida 63,3 million metr kub tabiiy gazning qonunga zid ravishda sarflangani aniqlandi. Ushbu hajmning qiymati 181,8 milliard so‘mni tashkil etgan. Shuningdek, 149,7 million kilovatt-soat elektr energiyasidan noqonuniy foydalanilgani ma’lum bo‘lib, buning qiymati 280,5 milliard so‘mga teng. Hisob-kitoblarga ko‘ra, ushbu qonunbuzilishlar tufayli davlat manfaatlariga jami 462,4 milliard so‘m zarar yetkazilgan.
Nazorat tadbirlari davomida energiya resurslaridan foydalanish qoidalarini buzgan iste’molchilarga nisbatan 2 ming 831 ta ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi.
Neft mahsulotlari sifati ustidan olib borilgan nazorat ishlarida ham qator qonunbuzilishlar aniqlandi. Avtomobillarga yonilg‘i quyish shoxobchalari hamda boshqa korxonalardan olingan namunalar laboratoriya tahlilidan o‘tkazilganda, 233 ta holatda jami 5 544,3 tonna sifat talablariga javob bermaydigan neft mahsuloti aniqlanib, ularning realizatsiya qilinishiga chek qo‘yildi.
Yil boshidan buyon davlat xizmatlari doirasida 6 ming 37 ta ob’ektning elektr ta’minoti loyihasi ekspertizadan o‘tkazildi va ular bo‘yicha tegishli xulosalar rasmiylashtirildi. Shu bilan birga, 3 ming 586 ta iste’molchining elektr qurilmalari texnik ko‘rikdan o‘tkazilib, belgilangan tartibda dalolatnomalar berildi.
Shuningdek, umumiy quvvati 56,4 MVt bo‘lgan 418 ta ob’ektning elektr ta’minoti loyihalari kelishildi. Yana umumiy quvvati 9,3 MVt bo‘lgan 145 ta ob’ektning elektr qurilmalari ishga tayyorligi yuzasidan ijobiy xulosalar taqdim etildi.
Quvvati 50 kVt va undan yuqori bo‘lgan iste’molchilarda olib borilgan ishlar natijasida 3 427 ta ob’ektga reaktiv energiyani kompensatsiya qiluvchi qurilmalar o‘rnatildi. Bu esa 16,3 million kilovatt-soat elektr energiyasini tejash imkonini berdi.
Nasiba Ziyodullayeva,
O‘zA