Rabat GES – Qashqadaryoning energetik salohiyatini yuksaltiruvchi yangi loyiha
Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz tumanida yangi gidroelektr stansiyasi – Rabat GES foydalanishga topshirildi. Mazkur energetika ob’ektining ishga tushirilishi hududda elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan samarali foydalanish va energetika tizimi barqarorligini ta’minlashda muhim qadam bo‘ldi.
Kuni kecha stansiyaning rasmiy ochilishiga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda Shahrisabz tumani hokimligi mutasaddilari, “O‘zbekgidroenergo” AJ boshqaruvi raisi o‘rinbosari Farrux Nurillayev, sohaviy korxonalar rahbarlari, pudratchi va qurilish tashkilotlari vakillari, soha mutaxassislari, mahalliy faollar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

“O‘zbekgidroenergo” AJ tomonidan amalga oshirilgan loyiha Shahrisabz tumanining ijtimoiy-iqtisodiy rivojiga hissa qo‘shish, hududning energetik salohiyatini oshirish va aholi hamda iqtisodiyot tarmoqlarini barqaror elektr energiyasi bilan ta’minlashga qaratilgan.

Umumiy o‘rnatilgan quvvati 6,2 megavatt bo‘lgan Rabat GESda yiliga o‘rtacha 26,2 million kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi. Bu qariyb 11 mingta xonadonning elektr quvvatiga bo‘lgan ehtiyojini ta’minlash imkonini beradi.
Loyihaning yana bir muhim jihati an’anaviy yoqilg‘i resurslarini tejash imkoniyatidir. Stansiya faoliyati natijasida yiliga 8 million kub metr tabiiy gaz va 6,7 ming tonna ko‘mirni iqtisod qilish mumkin. Bu esa energetika resurslaridan oqilona foydalanish bilan birga atmosferaga chiqariladigan zararli chiqindilarni kamaytirishga xizmat qiladi.

Shu ma’noda, Rabat GESning ishga tushirilishi mamlakatda “yashil energetika” ulushini oshirish, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni kengaytirish borasidagi ishlarga munosib hissa qo‘shadi.
Mazkur loyiha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-163-son qarori ijrosi doirasida amalga oshirildi. Qashqadaryo viloyatida Rabat, Chappasuy va Tamshush GESlarini barpo etishni nazarda tutuvchi investitsiyaviy loyiha uchun jami 69,5 million dollar mablag‘ yo‘naltirilgan. Shundan 20,4 million dollari Rabat GES loyihasi hisobiga to‘g‘ri keladi.

E’tiborlisi, mazkur loyiha doirasida Chappasuy va Tamshush GESlarini ham yaqin muddatlarda foydalanishga topshirish rejalashtirilgan.
Yangi energetika ob’ektlarining ishga tushirilishi Qashqadaryoning gidroenergetik imkoniyatlaridan yanada samarali foydalanish, elektr quvvati ishlab chiqarish hajmini ko‘paytirish va hududlarda energiya ta’minoti barqarorligini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Eng muhimi, bu kabi loyihalar tabiiy resurslarni tejash, ekologik barqarorlikni ta’minlash va kelgusi avlodlar uchun toza quvvat manbalarini ko‘paytirishga qaratilgan islohotlarning amaliy ifodasidir.
O‘lmas Barotov,
O‘zA muxbiri