O‘zbekistonda xalqaro tijorat nizolarini mediatsiya orqali hal etish imkoniyati kengayadi
Adliya vaziri Akbar Toshqulov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi Singapur xalqaro mediatsiya markazi (SIMC) raisi Jorj Lim bilan uchrashdi.
Muzokaralarda O‘zbekistonda mediatsiya institutini rivojlantirish, xalqaro nizolarni sudgacha tez, samarali va ishonchli hal etish mexanizmlarini kengaytirish bo‘yicha amaliy hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar qo‘shma treninglar – o‘zbekistonlik mutaxassislar uchun xalqaro tijorat mediatsiyasi bo‘yicha SIMC ekspertlari ishtirokida o‘quv dasturlarini tashkil etish; amaliy tajriba – o‘zbekistonlik mediatorlarni SIMC ko‘rib chiqayotgan real ishlar jarayoniga jalb etish orqali xalqaro darajadagi ko‘nikmalarini oshirish; mintaqaviy markaz – SIMCning mintaqaviy vakolatxonasini O‘zbekistonda ochish imkoniyatlarini o‘rganish; qo‘shma tadbirlar – mediatsiyani ommalashtirishga qaratilgan xalqaro konferensiya va forumlarni birgalikda tashkil etish bo‘yicha hamkorlik qilishga kelishib oldi.

2014-yilda tashkil etilgan SIMC bugungi kunda xalqaro tijorat nizolarini mediatsiya orqali hal etishga ixtisoslashgan nufuzli institutlardan biri hisoblanadi.
Maqsad – investor va tadbirkorlar uchun nizolarni uzoq sud jarayonlarisiz, tez va samarali hal etish imkoniyatlarini kengaytirish hamda O‘zbekistonning Markaziy Osiyodagi muqobil nizolarni hal etish markazi sifatidagi salohiyatini oshirishdir.
Abduraimova, O‘zA