Quvvatli transformatorlar – ta’minotda barqarorlik
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 8-oktabrdagi PQ-298-son qarori ijrosi doirasida Yozyovon tumani elektr ta’minoti infratuzilmasini modernizatsiya qilish ishlari amalga oshirilmoqda.
Tumanning markaziy va asosiy hududlarini elektr energiyasi bilan ta’minlovchi 35/10 kV kuchlanishli «Yozyovon» podstansiyasiga Xitoydan keltirilgan 10 000 kVA quvvatli zamonaviy kuch transformatori o‘rnatildi.
Hududda 11 684 ta maishiy iste’molchi va 890 ta tadbirkorlik sub’ekti elektr energiyasidan foydalanmoqda. Yangi transformatorni o‘rnatish podstansiyaning quvvat imkoniyatlarini kengaytirish, elektr ta’minoti ishonchliligini oshirish hamda aholi va tadbirkorlik sub’ektlarining o‘sib borayotgan ehtiyojlarini ta’minlashga qaratilgan.
O‘zbekiston tumani “Begobod” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida ham elektr ta’minoti barqarorligini oshirish va mavjud elektr tarmoqlarini modernizatsiya qilish ishlari davom etmoqda.
“Yangi O‘zbekiston qiyofasidagi tuman” dasturi doirasida mahallaga o‘rnatilgan 129 ta yangi temir-beton tayanchlarga zamonaviy havo elektr uzatish tarmoqlarini tortish ishlari olib borildi. Loyiha doirasida mahallaga 160 KvA quvvatdagi 2 ta transformator o‘rnatildi. Natijada mahalladagi 300 dan ziyod aholi xonadonlari elektr tarmoqlarining texnik holati yaxshilandi, elektr energiyasini iste’molchilarga yanada ishonchli yetkazib berish hamda tarmoqdagi uzilishlar ehtimolini kamaytirishga erishildi.
Muhammadjon Obidov, O‘zA