Bahodir Iso – she’riyatda o‘z ovoziga ega ijodkor
O‘zbek adabiyotida shunday ijodkorlar borki, ularning she’rlarida hayotning oddiy manzaralari orqali inson qalbining murakkab kechinmalari, jamiyatning og‘riqli nuqtalari va odamlar o‘rtasidagi munosabatlar namoyon bo‘ladi. Farg‘ona adabiy muhitida o‘z o‘rniga ega bo‘lgan shoir Bahodir Iso ana shunday ijodkorlardan biri edi. Uning she’riyatida xalqona nigoh, samimiyat, nozik kinoya va hayot haqiqatini yashirmay aytishga intilish mujassam.
Bahodir Iso 1956-yilda Farg‘ona viloyatining Rishton tumanidagi Do‘tir qishlog‘ida tug‘ildi. 1977-yilda Farg‘ona pedagogika institutini tamomladi. Biroq uning hayot yo‘li, asosan, adabiyot va san’at bilan chambarchas bog‘landi. Shoirning she’rlari va dostonlari Respublika matbuoti hamda turli adabiy to‘plamlarda chop etildi. 1988-yilda nashr etilgan «Xayrli tun» she’riy to‘plami uni keng kitobxonlarga tanitdi.
Rishton tumani Madaniyat markazida O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi, “Shuhrat” medali sohibi, taniqli shoir Bahodir Iso tavalludining 70 yilligi munosabati bilan xotira kechasi tashkil etildi.
Xotira kechasida shoirning zamondoshlari, ijodkorlar, do‘stlari va oila a’zolari uning insoniy fazilatlari, adabiyotga sadoqati, yosh avlod tarbiyasidagi xizmatlari hamda unutilmas xotiralari bilan o‘rtoqlashdi. Shoirning betakror ijodi, samimiy she’rlari va ma’naviy merosi bugun ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmaganligi alohida ta’kidlandi.
– Bahodir Iso ijodining o‘ziga xos jihatlaridan biri katta fikrni qisqa, ba’zan esa kutilmagan obraz orqali ifodalay olish mahoratidir. Uning ayrim she’rlarida bir-ikki satrning o‘ziyoq o‘quvchini o‘yga toldiradi. Shoir uzundan-uzoq izoh berish o‘rniga, hayotda ko‘p uchraydigan holatni ixcham ifodada aks ettirib, xulosani kitobxonning o‘ziga qoldiradi, – deydi Farg‘ona davlat universiteti professori, filologiya fanlari doktori Siddiq Mo‘min. – Bahodir Iso she’rlarida insonning zaifligi, nodonlik, soxtalik va hayotdagi adolatsizliklar ba’zan kulgi, ba’zan achchiq kinoya orqali fosh etiladi. Uning bunday uslubi kitobxonni befarq qoldirmaydi. Chunki shoir tanlagan mavzular hayotdan uzilmagan, odamlar har kuni duch keladigan voqea-hodisalar bilan bog‘liq. Ayni paytda uning ijodini faqat hajv va kinoya bilan cheklash to‘g‘ri bo‘lmaydi. Bahodir Iso lirik kechinmalarni, sevgi va umr haqidagi o‘ylarni ham o‘ziga xos ohangda ifodalagan. Uning she’rlarida inson qalbining nozik tuyg‘ulari bilan hayotning achchiq haqiqatlari yonma-yon keladi.
Keyingi yillarda nashr etilgan kitoblari orasida «Odamlar ichidan odam izladim», «Yaxshilar bor, yaxshiyam», «Otam kutgan kunlar», «Muhammad Yusuf», «Kuy tili» va «Qishloqdagi shoir» kabi to‘plamlar bor. Bu kitoblarning nomlariyoq shoirni inson, uning ma’naviy olami, hayot tajribasi va adabiyot taqdiri kabi mavzular qiziqtirganini anglatadi.
Bahodir Iso 2025-yil 25-fevralda, 69 yoshida vafot etgan.
Tadbir davomida o‘quvchi-yoshlar tomonidan shoir she’rlaridan namunalar o‘qildi, uning ijodiga bag‘ishlangan chiqishlar namoyish etildi. Ushbu kechada she’riyat va xotira uyg‘unlashdi.
Muhammadjon Obidov, O‘zA