Ilm, til va madaniyatni bog‘lovchi hamkorlik
Guliston davlat universiteti va Xitoyning Shaanxi A&F Technology universiteti o‘rtasida ta’lim va madaniy hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan ikki muhim shartnoma imzolandi.
Kuni kecha universitet rektori Muhsin Xodjiyev tashabbusi bilan imzolangan mazkur shartnomalar amaliy ta’limni takomillashtirish, professor-o‘qituvchilar malakasini oshirish, shuningdek, o‘zbek tili va madaniyatini Xitoyda keng targ‘ib qilish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi. Bu haqda Guliston davlat universitetining ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Dilmurod Eshmurodov ma’lum qildi.
Hamkorlikning birinchi yo‘nalishi Guliston davlat universitetidagi Qinling amaliy o‘quv ustaxonasini rivojlantirishga qaratilgan. Kelishuvga muvofiq, xitoylik hamkorlar ustaxonani darsliklar, o‘quv qo‘llanmalar va o‘quv-metodik materiallar bilan ta’minlash, shuningdek, uni zamonaviy o‘quv uskunalari bilan jihozlashda ko‘maklashadi. Ikki universitet mutaxassislari hamkorlikda amaliy o‘quv dasturini ishlab chiqadi, xitoylik mutaxassislar esa Guliston davlat universiteti professor-o‘qituvchilari uchun malaka oshirish treninglarini tashkil etadi.
Guliston davlat universiteti o‘z navbatida ustaxona uchun zarur xona va infratuzilmani ajratadi, uskunalardan samarali foydalanishni ta’minlaydi hamda yangi o‘quv dasturini ta’lim jarayoniga joriy etadi. Mazkur hamkorlik talabalarning nazariy bilimlarini amaliyot bilan mustahkamlash, kasbiy ko‘nikmalarini rivojlantirish va ilg‘or xalqaro tajribani o‘zlashtirishlariga xizmat qiladi.

Kelishuvlarning yana bir muhim yo‘nalishi — Xitoyda O‘zbek tili markazini tashkil etishdir. Markaz Shaanxi A&F Technology universitetining Turizm fakulteti qoshida faoliyat yuritadi. Unda xitoylik talabalar, professor-o‘qituvchilar va o‘zbek tiliga qiziquvchilar tilimiz, O‘zbekiston tarixi, milliy madaniyati, urf-odatlari hamda mamlakatimizning turizm salohiyati bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘ladi.
Markaz faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun Guliston davlat universiteti uni o‘zbek tili darsliklari, lug‘atlar, o‘quv qo‘llanmalar va milliy madaniyatimizga oid adabiyotlar bilan bepul ta’minlaydi. Shuningdek, o‘zbek tilini o‘qitishni tashkil etish maqsadida ikki nafar professor-o‘qituvchi Xitoyga yuboriladi.
Xitoylik hamkorlar esa markaz uchun kompyuter, proyektor va zarur mebellar bilan jihozlangan xona ajratadi. Shuningdek, o‘zbekistonlik o‘qituvchilarga viza rasmiylashtirishda ko‘maklashadi va ularni yashash joyi bilan ta’minlaydi. Markazning ichki bezagida O‘zbekistonning boy tarixi, milliy qadriyatlari va madaniy merosini aks ettiruvchi jihatlarga alohida e’tibor qaratiladi.

— Yangi markaz nafaqat o‘zbek tilini o‘rganish, balki O‘zbekiston haqidagi bilimlarni kengaytirish, ikki xalq o‘rtasidagi madaniy yaqinlikni mustahkamlash va do‘stlik aloqalarini rivojlantirish uchun ham muhim maydonga aylanadi. Ayniqsa, markazning Turizm fakulteti qoshida tashkil etilishi mamlakatimizning boy sayyohlik salohiyatini xitoylik yoshlar orasida keng targ‘ib qilish imkonini beradi, — deydi Dilmurod Egamberdiyev.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri